Smart kassalar koʻp yumushlarni tarixga aylantiryapti

11:43 10 Iyun 2020 Iqtisodiyot
1738 0

Odatiy fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalari tobora “umrini oʻtab” bormoqda. Ularning oʻrnini zamonaviy onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa faol egallayapti va ushbu smart qurilmalar xizmati sabab tadbirkorlar uchun juda koʻp yumushlar tarixga aylanmoqda.

Oddiy misol, onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalar xizmati tufayli nazorat-kassa daftarini yuritishga umuman ehtiyoj qolmadi. Ish kuni oxirida har bir nazorat kassa mashinasi boʻyicha kunlik hisobotni chiqarib olish kabi majburiyatlar ham endi yoʻq. Naqd pul tushumi miqdoridan qatʼi nazar uni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali tadbirkorlik subyektlari oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega boʻldi. Sotuvlar tarixini yaratish, kassir-xodimlarni nazorat qilish kabi vazifalarni ham hozirda onlayn-NKM va virtual kassalar bajaryapti.

Bundan tashqari, onlayn nazorat-kassa mashinasi va virtual kassalarda naqd pul yoki plastik kartalar orqali amalga oshirilgan har bir hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soliq toʻlovchining “shaxsiy kabineti”da shakllanadi. Bu bilan tadbirkorlik subyekti har bir shoxobchalarning kassalari kesimida kunlik, oylik va yillik realizatsiya maʼlumotlarini shakllantira olishi mumkin.

Joriy yilda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik subyektlari uchun uni xarid qilish va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasini keyingi soliq toʻlovi hisobidan kamaytirish huquqi berildi. Bunda kamaytirish miqdori (summasi) bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmasligi kerak. Mazkur imtiyoz faqat 2021-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

Ayni vaqtga kelib, 5 turdagi onlayn-NKM, 5 turdagi virtual kassalar va 9 ta TXKM Davlat reyestriga kiritildi. Aytish joiz, har bir model va versiyaning oʻz afzalliklari bor. Ular, jumladan, buxgalterlik dasturlari bilan oʻzaro aloqasi, mavjud va realizatsiya qilingan tovarlar hisobining avtomatlashtirilish darajasi bilan farqlanadi. Tadbirkorlik subyektlari mana shu jihatlarga eʼtibor qaratgan holda oʻz xohishlariga koʻra, ulardan istalgan birini sotib olishi mumkin. Masalan, Korzinka.uz brendi ostida faoliyat yuritayotgan savdo markazlari hozirda “Pos2k” virtual kassasi xizmatidan foydalanishni maʼqul koʻryapti. “Oxymed‑Retail” virtual kassa dasturiy mahsuloti esa Oxymed brendi ostida faoliyat olib borilayotgan dorixonalar tanloviga aylanmoqda.

Shu oʻrinda tadbirkorlik subyektlari uchun foydali boʻlgan yana bir maʼlumotni qayd etish joiz: “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Virtual kassa” dasturiy mahsuloti tadbirkorlik subyektlariga bepul taqdim etiladi. Unga ega boʻlish uchun tadbirkorlik subyektlari virtual kassa dasturiy mahsulotiga texnik xizmat koʻrsatuvchi “Soliq Servis” DUK bilan oʻzaro shartnoma imzolaydi. Bunda fiskal modul va unga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun amalga oshirilgan bir yillik toʻlov (bazaviy hisoblash miqdorning bir barobari - 223 ming soʻm) toʻlanadi, xolos. Shuningdek, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ijara shartnomasi yoki kadastr hujjati) taqdim etilishi lozim.

2020-yil 1-avgustgacha 20 000 ta tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM va virtuallar kassalar tizimiga oʻtishi kutilyapti. Ayni vaqtda esa yurtimiz boʻylab 20950 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassalardan foydalanmoqda. Bu koʻrsatkich asosan alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, avtomobillarga benzin, dizel va gaz yoqilgʻisi quyish savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga taalluqli. Chunki qonunchilikka koʻra, joriy yil boshidan aynan mana shu yoʻnalishlardagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga onlayn-NKM yoki virtual kassalar tatbiq etilmoqda.

Oʻtgan yil yakunlari boʻyicha yillik tushumi besh milliard soʻmdan oshgan tadbirkorlik subyektlari shu yilning 1-avgustidan mazkur yangi tizimga oʻtadi. Yil yakunlari boʻyicha yillik tushumi yuz million soʻmdan oshgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga esa 2021-yil 1-yanvardan joriy etiladi. Qolgan barcha tadbirkorlik subyektlari uchun bu muddat 2022-yil 1-yanvar etib qatʼiy belgilangan.

Demak, onlayn nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassalardan foydalanish koʻrsatkichiga oid raqamlar surʼati oʻsishda davom etadi. Bundan kim yutadi: soliq xizmati organimi yoki tadbirkor? Baʼzan mana shu savollar atrofida bahsli munozaralarga duch kelamiz. Fikrimcha, masalaga bunday yondashuv toʻgʻri emas. Sababi yangi tizim faqat u yoki bu tomonning emas, barchaning manfaatiga birday xizmat qiladi.

Oʻzingiz oʻylab koʻring, onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalar chop etgan cheklar orqali real vaqt rejimida sohadagi tushumlarni nazorat qilish imkoni paydo boʻladi, soliq bazasini shakllantirish manbalari yana-da toʻliq qamrab olinadi, tushumlarni yashirish usullari cheklanadi. Natijada xufyona iqtisodiyot ulushi qisqaradi. Xoʻsh, bundan butun jamiyat va davlat manfaatdor emasmi aslida?!

Nodir SOLIYEV,
“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazining
Onlayn nazorat-kassa mashinalari, virtual kassalar va fiskal modullarni joriy qilish boʻlimi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер