“Sizga hayitlik olib keldik”

18:42 19 Aprel 2023 Jamiyat
637 0

Mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ayyomi Ramazon oyi munosabati bilan joylarda ehtiyojmandlarni yo‘qlash tadbirlari davom etmoqda. Ezgu ish muqaddas bayramimiz – Iyd al fitr arafasida yanada keng quloch yoyib, mahalliy hokimiyat, mehnat jamoalari, homiy tashkilotlar vakillari ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimiz xonadonlariga hayitlik tuhfalari bilan kirib borishmoqda.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanining Isvaxon mahallasida yashovchi Tursunxon aya Gʻoynazarova umrini xalq xizmatiga bag‘ishlagan, nafaqaga chiqqach ham ko‘pchilikning yaxshi kunlariga hamroh bo‘lgan tabarruk ayol. Keksalik bois yurishga ancha qiynalib qolgan onaxonning hovlisiga bayramoldi yo‘qlovi bilan kirib borgan viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi vakillari u kishiga nogironlik aravachasi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi

- Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emasligini yaxshi bilaman,-deydi Tursunxon ona.- Mana, bugun nogironlar aravachasini uyimga olib kelib berishdi. Endi, ko‘cha-kuyga bemalol chiqib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan kunda ko‘rishib turaman. Biz kabi nuroniylar dardiga malham bo‘lguvchi yaxshi insonlar murodiga yetsin, ilohim.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida butun dunyo musulmonlari qatori xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan oyni munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash kabi ishlariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaning izchil ijrosi amalda o‘z isbotini topmoqda.

- Muqaddas Ramazon oyi davomida xayr-saxovat ishlari yanada kuchay  di,-deydi viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Jobirxon Shokirov. – Shahar va tumanlardagi barcha mahallalarda faollar, keksalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun iftorlik dasturxonlari yozildi. ehtiyojmand oilalar ahvolidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi, xayriya ishlari chog‘ida 12 kishiga nogironlik aravachasi, 11 kishiga eshitish moslamasi yetkazib berildi. Ayni kunlarda savobli yumushlarni davom ettirish barobarida bo‘sag‘ada turgan xayit ayyomini munosib nishonlashga astoydil tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер