Sirdaryoning ham qadim tarixi bor
Foto: Xalq so‘zi
Maʼlumki, kelasi yili Sirdaryo viloyati tashkil etilganiga 60 yil toʻladi. Viloyatning Mirzachoʻlni oʻzlashtirish bilan bogʻliq boy tarixi bor. Lekin garchi choʻlu biyobon oʻrnida bunyod boʻlgan boʻlsa-da, viloyat hududida uzoq tarixdan xabar beruvchi tarixiy obidalar talaygina. Ulardan mashhuri karvon yoʻli ustida qurilgan Sardoba tumanidagi “Sardoba” suv inshooti boʻlsa, Sayxunobod tumanida qoldiqlari topilgan qadim Xushkat, Sirdaryo tumanidagi Kattaqiztepa shaharsozlik tarixiga oid nodir manzillar sanaladi.

Xushkat Shohruhiya shahriga yaqin masofada joylashgan, Sirdaryo sohili atrofidagi kent boʻlgan. Xovos tumanidagi “Eski Xovostepa” arxeologik yodgorligidan esa ilm-fan va tarix uchun muhim ahamiyatga ega koʻpgina osori atiqalari topilgan.
— Mirza vohasi tarixini chuqur oʻrganish, tarixiy manbalarni saqlash, kelajak avlodlarga yetkazish borasida samarali ishlar olib borilayotir, — deydi Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Zokir Xoldorov. — Masalan, Sirdaryo viloyati hokimining yaqinda qabul qilingan qaroriga koʻra Guliston shahrining Taraqqiyot mahallasi Navoiy koʻchasi 2-uyda joylashgan, moddiy-madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olingan binoda Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining arxeologiya boʻlimi, Guliston tumanidagi Doʻstlik mahallasi hududida joylashgan binoda hamda Xovos tumani Bunyodkor mahallasi, Muhtasham koʻchasi 20-uyda joylashgan binoda viloyat oʻlkashunoslik muzeyining filiallari tashkil etilishi belgilandi. Eʼtiborlisi, Guliston tumanidagi Doʻstlik mahallasidagi muzey filiali yaqinda faoliyatini boshladi.
Viloyat hokimi imzolagan hujjatga asosan mazkur madaniyat muassasalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq vazifalar viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, moliya bosh boshqarmasi, viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi rahbarlari zimmasiga yuklatildi.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring