Sirdaryodagi koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning bari Toshkentga oʻtkazildi
Sirdaryo viloyatida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 24 nafar bemorning bari 15-may, juma kuni Toshkent shahriga koʻchirildi. Bu haqda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Sirdaryo viloyatida 14-may holatiga koʻra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bogʻliq 35 ta holat qayd etilgan, bemorlarning 14 nafari sogʻaygan edi; 14-may yakuniga koʻra, viloyatda 21 bemor koronavirusdan davolanayotgan edi.
“Sirdaryo viloyatida davolanayotgan barcha 24 nafar bemor 15-may kuni Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga koʻchirib oʻtkazildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
15-may kuni Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar sogʻaygani haqida maʼlumot berilmaganidan xulosa qilinsa, kun davomida viloyatda kasallikni yuqtirib olganlar soni uch nafarga koʻpaygan.
Sirdaryoda 15-may kuni aniqlangan uchta yangi holatning manbasi haqida aniq maʼlumot yoʻq. Oʻzbekistonda shu kuni aniqlangan jami 41 holatning 11 tasi chet eldan kelganlarda, 29 tasi karantinda boʻlganlarda, yana biri esa kasallikka chalinganlar bilan muloqotda boʻlgan fuqaroda qayd etilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring