Sirdaryoda uzum danagidan yogʻ olinadi

19:16 06 Dekabr 2021 Jamiyat
1866 0

Respublika miqyosida har yili  taxminan 60 ming tonnadan ziyod uzum  qayta ishlanadi. Ushbu jarayonlardan yiliga  hosil boʻladigan 3 ming tonna uzum urugʻidan foydalanish samarasi esa past darajada.  Asosan  yem sifatida  chorvaga berib kelinayotgan bu xom ashyo endi qimmatli oziq-ovqat mahsulotiga aylanadi. Gap shundaki,  sirdaryolik tadbirkorlar innovatsion yondashuv asosida uzum urugʻidan ham moy ishlab chiqarish mumkinligini amalda isbotlashdi. Ayni chogʻda ushbu loyiha Sirdaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Bunyod gold” MCHJ tomonidan ishlab chiqilib, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida 10 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, yiliga 500 tonna uzum urugʻi qayta ishlanadi va undan  oʻrtacha jami  50 tonna (10%) yogʻ  olinadi.Loyihaga koʻra moy olingandan keyin hosil boʻladigan kunjara chiqindisini ham qayta ishlash imkoniyati mavjud.

— Uzum urugʻidan inson salomatligi uchun foydali farmatsevtika va kosmetologiya sohasida qoʻllaniladigan eksportbop moy ishlab chiqariladi, — deydi “Bunyod gold”  MCHJ rahbari Sherdor  Yariyev. — Mahsulotning 70-80 foizi  ekportga yoʻnaltiriladi. Ushbu mahsulotlarga Rossiya, Turkiya, Yevropa davlatlarida talab yuqori darajada.

Eʼtiborlisi, uzum danagidan olingan moyda bioflavonoid, Ye va S darmondorilari, rux hamda selen kabi inson organizmi uchun foydali juda koʻp elementlar bor.  Tarkibida yana mustahkam tabiiy antioksidant mavjud boʻlib, u limfa tomirlarining egiluvchanligini oshiradi. Bundan tashqari, organizmda xolesterin moddasi koʻpayib ketishining oldini oladi.Yana bir xususiyati, organizmda endi boshlangan gipertoniyani davolaydi. Uzum moyidan har tong bir choy qoshiq ichilsa, yurak-qon tomiri kasalliklari, ateroskleroz va artrit xastaliklariga shifo boʻladi. Shuningdek, mazkur moy immunitetni koʻtarish xususiyatiga ham ega ekan. Bu esa turli yuqumli kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.

Uzum danagidan olingan moy organizmni toʻyinmagan yogʻ kislotasi, enzim, xlorofill, kaliy, natriy va temir bilan oziqlantiradi, insult, infarkt, tromboz va kuperoz kasalliklaridan xalos boʻlishga yordam beradi. Ushbu ajoyib vosita yalligʻlangan gʻudda, husnbuzur, kesilgan va kuygan, bitishi qiyin kechadigan yaralarni davolashda ham qoʻllaniladi, deyishmoqda mutaxassislar.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер