Sirdaryoda “Maktab uchun ming kitob” loyihasi oʻtkazilmoqda
Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyatida “Maktab uchun ming kitob” loyihasi orqali koʻplab yurtdoshlarimiz maktab kutubxonalarining adabiyot fondini boyitishga oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Ushbu loyiha doirasida “Siz oʻzingiz oʻqigan maktabga kitob sovgʻa qildingizmi?” deb nomlangan aksiya ham boʻlib oʻtmoqda.
Eʼtiborlisi, viloyat hokimligi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan mazkur maʼnaviy-maʼrifiy xayriya tadbirida ishtirok etishni istagan barcha uchun maktablarning oʻzida kitob savdo-koʻrgazmalari ham tashkil qilinmoqda. Ayni qulaylik tufayli taʼlim maskani kutubxonasida mavjud boʻlmagan, yaʼni zarur adabiyotlarni olish yoki ularga buyurtma berish imkoniyati ham yaratilayotir.

— “Maktab uchun ming kitob” loyihasi tufayli maktab kutubxonalarining adabiyot fondi sezilarli darajada koʻpaymoqda, — deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhammadrizo Ermatov. — Hozirda 312 ta maktabning ziyo maskanlaridagi jami adabiyotlar soni 474 196 ta. Bu esa har bir oʻquvchiga 3,1 tadan kitob toʻgʻri keladi degani. Ushbu koʻrsatkich har bir oʻquvchi hisobiga belgilangan meʼyordan biroz kam. Ayni amalga oshirilayotgan loyiha hamda bu borada belgilangan boshqa vazifalar natijasida maktab kutubxonalaridagi adabiyotlar miqdori har bir oʻquvchi hisobiga meʼyorda belgilaganidek, yaʼni 5-7 tadanga yetkazilishi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring