Sirdaryoda maktab-internat yangi binoda faoliyat boshladi

14:16 24 Iyul 2025 Jamiyat
205 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo tumanidagi 71-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Aytish lozimki, ushbu taʼlim muassasasi soʻnggi 7-yil davomida turli moslashtirilgan binolarda faoliyat yuritib kelayotgan edi.

“Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyatining homiylik koʻmagida taʼmirlangan, toʻliq rekonstruksiya qilingan, zamonaviy va barcha talablarga javob beradigan binoda oʻquv binosi, oshxona, hammom, kir yuvish xonasi, sport zali, sport va oʻyin maydonlari, Work-out maydoni, 240 nafar bolaga moʻljallangan yotoqxona mavjud.

Maʼlumot uchun: 71- ixtisoslashtirilgan maktab-internatda asosan aqliy, ruhiy va sensor rivojlanishda orqada qolgan bolalar taʼlim-tarbiya oladi. Shuningdek, ogʻir darajadagi nogironligi boʻlgan 7–18 yoshli bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” guruhi ham faoliyat yuritadi. Bu guruhda bolalar nafaqat parvarishlanadi, balki reabilitatsiya xizmatlaridan ham foydalanadi.

Maktabda 13 ta maxsus jihozlangan texnologiya xonalari mavjud. Bu yerda oʻquvchilarga duradgorlik, chilangarlik, kosibchilik, obodonlashtirish, tikuvchilik, sartaroshlik va boshqa kasblarga oʻrgatiladi. Kelgusida oʻquvchilar amaliy koʻnikma hosil qilishi uchun boʻr ishlab chiqarish sexi va mayda shoxli chorvaga moʻljallangan kichik fermerlik majmuasi tashkil etish ham rejalashtirilgan.

— Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan bolalar uchun taʼlimda insonparvar va inklyuziv yondashuv ustuvor yoʻnalishga aylandi, —deydi mazkur maktab-internat logoped-defektologi Dildora Dimetova. — Xususan, bizning taʼlim maskanimizda har bir sinfda 8–12 nafar oʻquvchi taʼlim oladi. Bunday format oʻqituvchining har bir bolaga bilim berishda individual yondashishiga imkoniyat yaratadi. Ogʻir nogironligi boʻlgan bolalar esa 5-9 nafar oʻquvchidan iborat alohida “Gʻamxoʻrlik” guruhiga qamrab olinadi. Bir soʻz bilan aytganda, bularning bari maktab-internat oʻquvchilarining kelajakda jamiyatda munosib oʻrin egallashiga mustahkam zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер