Sirdaryoda insultga chalingan bemorning ichki uyqu arteriyasida stentlash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati hududiy filialida rentgenendovakulyar xirurgiya boʻlimi faoliyat boshlagandan buyon ayni kungacha mazkur muassasaning endovaskulyar jarrohlari tomonidan infarktga chalingan bemorlar, ularning koronar qon tomiri, uyqu, oyoq, son, qorin, umrov suyak, buyrak arteriyalari bilan bogʻliq bir qancha murakkab, yuqori texnologik tashxislash va davolash ishlari yoʻlga qoʻyilgandi.
Yaqinda sirdaryolik endovaskulyar jarroh, Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Xurshid Hakimov boshchiligida yana bir yuqori texnologik amaliyotga qul urildi. Yaʼni, 1957-yilda tugʻilgan, ikki bor shu kasallik asoratlarini boshidan oʻtkazgan bemorning ichki uyqu arteriyasida murakkab va yuqori texnologik stentlash amaliyoti oʻtkazildi.

— Bu turdagi amaliyot ancha murakkab boʻlib, bemor ichki uyqu tomiriga quyiladigan stent tuzilishi jihatidan koronar qon tomirlarga quyiladiganlaridan tubdan farq qiladi, — deydi endovaskulyar jarroh Xurshid Hakimov. — Yaʼni, bu stentlar oʻzi ochiladigan hisoblanib, amaliyot vaqtida miya qon tomirlariga filtr oʻrnatish yoʻli bilan bajariladi va ushbu turdagi amaliyotlar ishemik insultni oldini olish uchun qilinadi.
Eʼtiborli jihati, shu vaqtgacha ichki uyqu arteriyasi bilan bogʻliq amaliyotlar Toshkentdan va xorijdan kelgan mutaxassislar yordamida qilingan boʻlsa, endilikda uni sirdaryolik endovaskulyar jarrohlarning oʻzlari bajarishayotir. Aytish lozimki, uyqu arteriyasi bilan bogʻliq amaliyotdan soʻng sirdaryolik rentgenendovakulyar jarrohlarining yuqori texnologik jarrohlik muolajalari soni 31 taga yetdi. Umumiy bajarilgan amaliyotlar esa 3 ming taga yaqinlashdi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring