Sirdaryoda dahshatli YTH sodir boʻlishi natijasida 5 kishi vafot etdi
1-fevral kuni Sirdaryoda sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi natijasida besh kishi hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Qayd qilinishicha, 1-fevral kuni taxminan soat 08:30 larda 19 yoshli Sh.B., oʻzining boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashinasida, Guliston shahar 4-mavze Guliston koʻchasi boʻylab oʻtgan avtomobil yoʻlida “Guliston-Zarbdor” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib ketayotganida, boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida yoʻlning qarama-qarshi yoʻnalishiga oʻtib ketib, fuqaro 21 yoshli S.M.,ning boshqaruvida boʻlgan “Damas” rusumli avtomashina bilan toʻqnashib, yoʻl-transport hodisasini sodir etgan.

Natijada “Damas” rusumli avtomashina haydovchisi S.M., yoʻlovchilari 55 yoshli Sh.A., 27 yoshli D.E., 28 yoshli M.S.lar hodisa sodir boʻlgan joyda vafot etganlar. Yana 3 nafar shaxs shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek 24 yoshli S.A.,ga koʻrsatilgan tibbiy yordamiga qaramay, shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odamlar oʻlimiga sabab boʻlgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring