Sirdaryoda bu yil davlat tilida ish yuritish boʻyicha 450 nafar rahbar-xodimning malakasi oshiriladi

10:53 19 Mart 2026 Jamiyat
232 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi Sirdaryo viloyati hududiy boʻlinmasida 2025-yil davomida “Oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish” kursida viloyatdagi muassasa, tashkilot, boshqarma va birlashmalarning 443 nafar rahbar-xodimi malaka oshirdi.

— Davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, oʻzbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda toʻlaqonli joriy etishda rahbar-xodimlarning malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega, — deydi Sirdaryo viloyati hokimining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Gʻaybulla Yusupov. — Tahlillardan maʼlum boʻlmoqdaki, mazkur malaka oshirish kurslarida oʻqib-oʻrgangan rahbar-xodimlar faoliyat yuritayotgan tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish sifati qonun va belgilangan asoslar darajasida yaxshilandi. Rahbar-xodimlarni malakasini oshirish orqali yozma savodxonlik madaniyati ham keng targʻib qilinmoqda. Xususan, malaka oshirishga jalb qilinganlar oʻzbek tilida diktant yozish yoʻli orqali imlo savodxonligi boʻyicha oʻz bilimlarini tekshirib koʻrish imkoniyatiga ham ega boʻlmoqda.

Sirdaryo viloyati boʻyicha 2026-yilda ish yuritish hujjatlariga masʼul boʻlganlardan 450 nafari mazkur malaka oshirish kurslarida oʻqitiladi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер