Sirdaryoda “BMW”, “Damas” hamda “Jac” rusumli transport vositalari ishtirokida YTH sodir boʻldi
Bugun, 31-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo Viloyati Mirzaobod tumani hududida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Mazkur hodisa yuzasidan Sirdaryo viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, ushbu yoʻl-transport hodisasi joriy yilning 31-mart kuni soat 13:00lar atrofida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hududidan oʻtuvchi M-34 avtomobil yoʻlining 112-kilometrida, “Yangiyer-Guliston” yoʻnalishida sodir boʻlgan.
Harakatlanib kelayotgan “BMW”, “Damas” rusumli yengil avtomobillar hamda “Jac” rusumli yoʻlovchi tashishga moʻljallangan transport vositasi yoʻl-transport hodisasiga uchragan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mazkur yoʻl-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar aniqlanmagan.
“Hodisa joyida YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Barcha haydovchilardan yoʻllarda qoidalarga rioya etishlarini soʻraymiz”, — deyiladi boshqarma xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring