Sirdaryo viloyatida qariyb 60 foiz hosil paxta terish mashinalari yordami saranjomlab olindi

14:56 10 Oktyabr 2023 Jamiyat
600 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Viloyatda joriy yilda  271 ming tonnadan ortiq paxta saranjomlab olindi. Hosildorlik 37 sentnerga yetdi. Eng quvonarlisi,  hosilning 60 foizga yaqini zamonaviy terim agregatlari yordamida yigʻib olindi.  Buning uchun fermer va klasterlar hisobidagi mavjud 192 ta paxta terish kombaynlari mavsumga jalb qilindi. Qayd etilishicha, 2024-yilda viloyat paxtasining 70 foizini texnika yordamida terib olishga erishiladi.

Dehqonlar va mutaxassislarning taʼkidlashicha, Sirdaryo sharoitida paxtachilikda bunday yuqori hosildorlikka erishish katta natija hisoblanadi. Viloyatda oʻtgan yilning kuzidayoq yerga mahalliy oʻgʻitkompos solishga jiddiy yondashildi.  Shoʻr yuvishga alohida eʼtibor qaratildi. Yana muhim jihat, tuproq-iqlim sharoitiga mos navlarning tanlanganidir. Gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirishda avvalo hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, suv taʼminoti hamda sohaning yetakchi olim va mutaxassislari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, shuningdek, klaster korxonalari takliflari inobatga olindi.

Eʼtiborli jihati, 6 ming 200 gektar maydonda yangi navlar sinovdan oʻtkazildi. 1 ming 656 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish usuli joriy etildi. Gʻoʻza parvarishi ham ilgʻor tajribalar asosida tizimli tashkil etildi. Klaster korxonalari tomonidan mineral oʻgʻitlar zaxirasi toʻliq yaratilganligi hamda fermer xoʻjaliklariga uzluksiz yetkazib berilishi yaxshi samara berdi. Defoliatsiyaning oʻz muddatida va sifatli oʻtkazilganligi hisobiga yetishtirilgan hosilning yogʻingarchilik kunlarga qolmay yigʻishtirib olish imkoniyati yaratildi.

Klaster korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ham ustuvor vazifa sifatida qaraldi va joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 30 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 60 ga yaqin qishloq xoʻjaligi texnikalari olib kelindi. Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish uchun 904 ta terim otryadlari shakllantirildi.  Sayxunobod, Guliston va Xovos tumanlarida hosildorlik yuqori boʻldi. Shuningdek, Sirdaryo, Mirzaobod tumanlari fermerlari ham bu yilgi sharoitda moʻl xirmon koʻtarib, yaxshi daromad olishni moʻljallashmoqda.

Terim davom etmoqda. Sirdaryoda paxta hosildorligini 40 sentnerga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu esa fermerlar uchun har yilgidan koʻra, koʻp daromad keltiradi.

Ahmadali SHERNAZAROV, Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер