Sirdaryo tumanida “marvarid piyoz” yetishtirilmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Sirdaryo tumanidagi ““Agro eco technology” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasiga qarashli tajriba dalasining 27 gektarida Chin davlatidan keltirilgan luk-porey yoki oʻzbekcha qilib aytganda, “marvarid piyoz” parvarishlanmoqda.
Ushbu sabzavotning har gektaridan oʻrtacha 25-30 tonna hosil olish mumkin. Bargi turli salatlar, piyozi esa taomlar tayyorlashda qoʻllaniladi. Manbalarda keltirilishicha, uning bir qancha shifobaxshlik xususiyati ham mavjud.

Bir necha yildirki, “Agro eco technology” korxonasining tajriba dalasida yuqori hosildor, tashqi va ichki bozor talablariga mos boshqa ekin turlari ham ekib kelinmoqda. Ayni maqsadda yetishtirilayotgan “marvarid piyoz” hosili fevral oyining ikkinchi yarmida yigʻib olinib, ichki va tashqi bozorlarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun. Luk-porey piyozi yoki “marvarid piyoz” piyozdoshlar oilasiga mansub boʻlib, vatani Old Osiyo hisoblanadi. Hozirgi paytda sabzavot ekini sifatida Yevropada, Oʻrta Yer dengizi atrofidagi davlatlarda, Shimoliy Amerikada va koʻproq Gʻarbiy Yevropa, asosan Fransiyada yetishtirilmoqda. Bugungi kunda u mashhurligi jihatidan sarimsoqpiyoz va boshpiyozdan keyingi oʻrinda turadi.
Eʼtiborlisi, “marvarid piyoz” sovuqqa chidamli. Shu bois uni toʻqsonbosti ekin sifatida oʻstirish mumkin.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring