“Shovotlandia” kafesini yoqib, 5 kishining umriga zomin boʻlgan ikki nafar sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

16:34 22 Dekabr 2021 Jamiyat
1906 0

Foto: FVV

Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudida tuman sudi raisi Zafar Bobonov raisligida “Shovotlandia” kafesini yoqib, 5 kishining umriga zomin boʻlgan ikki nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi koʻrib chiqilib, ularga hukm oʻqildi.

36 yoshli sudlanuvchi ilgari tarkibida bir necha uyushgan jinoiy guruhlar mavjud boʻlgan qurolli jinoiy uyushmani boshqarib, “avtoritet” degan nom chiqargan. Shu bois sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanib, jazoni oʻtash jarayonida oʻzi bilan bitta Jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini oʻtagan 26 yoshli sudlanuvchi bilan tanishib qoladi. U bilan yaqin munosabatlarda boʻlib, oʻzining jinoyat olamidagi “avtoriteti”dan foydalanib, 26 yoshli sudlanuvchi tomonidan oʻzini «Boss» sifatida qabul qilinishiga erishadi. 26 yoshli sudlanuvchi jazoni oʻtab chiqqach, uni oʻzi ishlab kelayotgan Zangiota tumani, “Eshonguzar” qoʻrgʻonidagi choyxonaga norasmiy ravishda ishga oladi. 26 yoshli sudlanuvchi moliyaviy taʼminot jihatidan unga tobe boʻlganligidan foydalanib, har qanday, shu jumladan jinoiy topshiriqlarini ham soʻzsiz bajarishiga tayyorlab kelgan.

Bir fuqaro telefon orqali 36 yoshli sudlanuvchiga murojaat qilib, «Eddi» laqabli shaxs uning qarindoshidan pulini boʻlib-boʻlib berish sharti bilan 5 dona “Iphone 11 pro” rusumli uyali telefon apparatlarini olib, evaziga muayyan miqdordagi pullarni toʻlab, qolgan 4.000 AQSH dollarini bermay yurganligini, oʻzining “jinoyat olamida”gi avtoritet sifatidagi imkoniyatlaridan foydalanib, shu pullarni undirib berishda yordam soʻragan. Soʻng 36 yoshli sudlanuvchi oʻzining bu “xizmati” uchun “jinoyat olami”da joriy qilingan tartib-qoidalarga muvofiq yaʼni yordam soʻrab murojaat qilib kelgani uchun gapiga “javob berishi” kerakligi qabilida, telefon orqali yordam soʻragan shaxsdan narxi 1.500 AQSH dollarini tashkil qiluvchi oxirgi rusumdagi “Iphone” rusumli telefon berishini talab qilib, tovlamachilik qilgan.

Shu orqali ular oʻrtasida nizoli munosabatlar vujudga kelgan. 36 yoshli sudlanuvchi undan oʻch olish maqsadida 26 yoshli sudlanuvchi bilan birgalikda puxta jinoiy reja tuzishgan. Unga koʻra, 26 yoshli sudlanuvchi yarim tunda jinoiy rejasini amalga oshirish uchun yelim idishga solingan 5-6 litr miqdoridagi benzinni olib, taksida “Shovotlandia” milliy taomlari kafesi yaqiniga yetib boradi. Oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini toʻliq anglab va bu qilmishlarning ijtimoiy oqibatlariga koʻzi yetgan holda avval kafe hovlisidagi yogʻoch krovatlar va derazalarga yelim idishdagi qolgan benzinni sepib chiqadi. Shu predmetlarni yoqib yuborib, soʻng ichiga benzin joylashtirilgan shishalarning ogʻziga tiqin sifatida foydalanilgan lattalarning osilib turgan tepa qismini yoqib, shisha idishlarni birin-ketin kafening tez yonuvchi, asosan yogʻoch materialidan yasalgan eshik va deraza tomonlariga uloqtirib, kafe binosi turgʻun yonib, olov avjiga chiqqanligiga amin boʻlganidan soʻng kafe binosidan uzoqlashadi.

Natijada, kafe binosi va uning ichidagi xususiy mulk boʻlgan oshxona jihozlari toʻliq yonib ketib, bino ichida uxlab yotgan 23 yoshli ikki nafar yigit, 60 yoshli ikki nafar ayol, 22 yoshli qiz sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga koʻra, is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3-4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etishgan.

Sud hukmiga koʻra, 36 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «a, v, d, j, p» bandlari, 165-moddasining 1-qismi, 173-moddasi 2-qismining «b, v» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali, uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

26 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining «a, v, d, j, p» bandlari, 173-moddasi 2-qismining «b, v» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali, uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksi 60-moddasining 3-qismi tartibida, jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudining 2014-yil 11-iyuldagi hukmi bilan tayinlangan jazoning oʻtalmagan muddatini qoʻshishda, yengilroq jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali, uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер