Shoʻrlangan tuproqlar xalqaro tarmogʻining ikkinchi yigʻilishi Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi
Illyustrativ foto
Global tuproq hamkorligi (GSP), Yevroosiyo tuproq hamkorligi (EASP) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi Tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va bir qator milliy hamkorlar bilan birgalikda 22-26-may kunlari Toshkent va Nukus shaharlarida Shoʻrlangan tuproqlar xalqaro tarmogʻi (INSAS) ning ikkinchi yigʻilishini tashkil qilmoqda.
Uning doirasida Yevrosiyo tuproq hamkorligining oltinchi yalpi yigʻilishi va shoʻrlangan tuproqlarni tahlil qilish boʻyicha Global tuproq laboratoriyalari tarmogʻining treningi ham boʻlib oʻtadi. Yirik xalqaro forumda Avstraliya, Armaniston, BAA, Bangladesh, Gruziya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Pokiston, Senegal, Tanzaniya, Fransiya, Xitoy, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 30 nafardan ortiq ekspertlari ishtirok etadi.
Tadbir dasturiga shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha seminar, INSAS ishchi guruhlarining texnik yigʻilishlari va tuproqlarning shoʻrlanishiga qarshi kurash boʻyicha treninglar kiritilgan. Shuningdek, ishtirokchilarning antropogen omillar va suv resurslarini notoʻgʻri boshqarish keng koʻlamli ekologik falokatning sababi boʻlib xizmat qilishining achchiq misollaridan biri boʻlib qolgan qurigan Orol dengiziga tashrifi ham kutilmoqda.
Agar suv hayot manbai boʻlsa, tuproq barcha tirik mavjudotlarning onasidir. Tuproq salomatligi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun juda zarur va FAO tomonidan ishlab chiqilgan toʻrtta yaxshilash yoʻnalishi — ishlab chiqarishni yaxshilash, ovqatlanishni yaxshilash, atrof-muhitni yaxshilash va hayot sifatini yaxshilashning asosidir.
Tuproqning shoʻrlanishi undan notoʻgʻri foydalanish, oʻgʻitlarni ortiqcha yoki nooqilona qoʻllash, oʻrmonlarning kesilishi, dengiz sathining koʻtarilishi, ildiz zonasiga taʼsir qiladigan yer osti suvlari darajasining pastligi va boshqa sabablar tufayli juda tez sodir boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, muammo iqlim oʻzgarishi bilan yanada kuchayadi, chunki prognozlarga koʻra, global miqyosda qurgʻoqchilikka uchragan yer maydonlari asr oxiriga kelib, asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda 23 foizga kengayishi mumkin.
Inson faoliyati taʼsiri natijasida shoʻrlangan tuproqlar unumdorligi pasayib bormoqmoqda, bu esa oʻz navbatida global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashishga tahdid solmoqda. Bundan tashqari, ular suv sifati va tuproq bioxilma-xilligini yomonlashtiradi, bu esa tuproq eroziyasiga olib keladi.
Shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha xalqaro tarmoqning ikkinchi yigʻilishi oʻtgan davrda erishilgan yutuqlarni koʻrib chiqish va baholash, ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash va 2023-2024-yillarga moʻljallangan ish rejasini ishlab chiqish, shuningdek, tarmoq aʼzolarining hamkorligini mustahkamlash va tabiiy resurslarni samarali boshqarish va tuproqning shoʻrlanishiga qarshi kurashish sohasidagi ularning bilim va koʻnikmalarini oshirishga hissa qoʻshish maqsadida chaqiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring