Shohimardonda kumush qish tarovati
Foto: «Халқ сўзи»
Fargʻona viloyatining anklav hududida joylashgan Shohimardon qishlogʻi yilning toʻrt faslida ham betakror va xushmanzara tabiati bilan sayyohlarni ohanrabodek oʻziga chorlaydi. Shu bois bu yerdagi tarixiy-meʼmoriy ziyoratgohlar, ekoturistik markazlar hamisha tashrif buyuruvchilar bilan gavjum boʻladi.
Ayni kunlarda esa Shohimardonda qish tarovati hukmron. Viqorli qoya-toshlar saltanati, oq libosga burkangan bepoyon archazorlar, zarif qoʻshiqlar kuylab oqadigan tiniq soylar, sharqona hovlilardagi maroqli suhbatlar har qanday qishida bir umrga unutilmas xotiralar qoldiradi.
— Shohimardon tabiati muzeyi, zamonaviy mezonlar asosida taʼmirdan chiqarilgan Hazrat Ali ziyoratgohi, Yordon qishlogʻi, Dugoba togʻlari boʻylab qamrab olingan ekoturistik marshrutlar roʻyxati yildan-yilga kengayib borayotir, — deydi Shohimardon muzeyi xodimi Gulnoza Najmiddinova. — Shohimardonga mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish borasidagi izchil saʼy-harakatlar tufayli bu yerga nafaqat yurtimiz boʻylab, balki qoʻshni respublikalardan ham sayyohlar oqimi tobora koʻpayib bormoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring