Shofirkonlik ijodkorlarga ehtirom koʻrsatildi
Foto: Xalq so‘zi
Butun boshli tumanning serqirra hayotini gazetasiz tasavvur qilish mumkinmi? Yoʻq, albatta. Negaki, gazeta oʻsha tumanning oʻziga xos solnomasi hisoblanadi.
Soʻz isboti bilan deganlaridek, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi nuroniy otaxon Ashur Aminov uyida yarim asrlik gazeta taxlamlari borligini aytdi.
— Salkam yetmish yildirki davriy nashrlarni, jumladan “Shofirkon ovozi” gazetasini oʻqib boraman, — deydi u. — Uyimda uning yarim asrlik taxlamlari bor. Qoʻlga olsam xotiralar uygʻonadi. Yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, el tashvishida huzur – halovatdan voz kechgan fidoyi insonlar koʻz oʻngimdan oʻtadi. Nabiralarimga soʻzlab beraman. Gazeta orqali ularning ongu shuuriga elparvarlik, mehnatsevarlik, yurtga sadoqat tuygʻularini singdirishga intilaman. Sizga aytar boʻlsam, gazeta – juda taʼsirchan kuch. U kirib borgan xonadondan xuddi non hidi kabi yaxshilik, ezgulik boʻy koʻrsatib turadi.
Otaxon haq. “Shofirkon ovozi” gazetasi mana, 90 yildirki, tuman aholisi uchun oʻziga xos maʼrifat maskani vazifasini oʻtab kelmoqda. Akademik Ibrohim Moʻminov tavallud topgan ushbu goʻshadan yetishib chiqqan oʻnlab olimu shoirlar uchun gazeta beshik vazifasini oʻtagan. Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol, taniqli publitsist Ahad Hasan, erta soʻngan yulduz — Ilhom Hasan, shoir Samandar Vohidov, Toshpoʻlat Ahmad, Omon Abdulla, Dilmurod Jabbor, Shodmon Sulaymon, taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul, OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi Ergash Ochilov, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov singari koʻplab ziyolilar shu dargohdan maʼnaviy ozuqa olishgan.

“Shofirkon ovozi”ning 90 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbirida ana shular alohida taʼkidlanib, matbuotning tuman ijtimoiy – siyosiy, maʼnaviy hayotidagi oʻrni haqida atroflicha soʻz yuritildi. Jamoada faoliyat yuritayotgan ijodkorlar, mehnat faxriylari, jamoatchi muxbirlar, tuman faollari diydorlashib, ommaviy axborot vositalari nufuzini yanada oshirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Tadbirda Buxoro viloyat hokimi oʻrinbosari M. Hamroyev, Shofirkon tuman hokimi J. Sharopov jamoani gazetaning ilk soni chiqqaniga 90 yil toʻlgani munosabati bilan qutladilar.Tahririyat hamda bir guruh shofirkonlik ijodkorlar Faxriy yorliq, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring