“Shifokor qoʻlimni qaytardi”
Foto: Xalq so‘zi
Oʻrigidan magʻzi shirin, deganidek, nabiram Asilbekka mehrim boʻlakcha. Uni yeru koʻkka ishonmayman. Ammo issiq jonning isitmasi boʻlar ekan. Asilbekning harorati oshib, betoblanib qolganida dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib ketdi. Bilasizmi, koʻrsatmagan doʻxtir qolmadi. Ammo u kasallikdan forigʻ boʻlmadi.
Qarshi shahridagi ichki kasalliklar shifoxonasiga olib borganimda esa uni qabul qilishda muammolar tugʻildi. Shunda bir doʻxtir opa jonimizga aro kirdi.
— Axir bu goʻdakni qabul qilmaslik kasbimizga xiyonat emasmi? Uni qabul qilib, darhol muolaja boshlash kerak, — dedi.
Shunday shifokorlar borligidan quvonib ketdim. Keyinchalik shu doʻxtir opaning oʻzi – Lola Nizomova nabiram Asilbekni davoladi. Lolaxon qoʻli yengil shifokor ekan. Ertasi kuni nabiram koʻzini ochdi va mening ruhim osmonida ham nimadir charaqlaganday boʻldi.
Oradan bir necha kun oʻtib, nabiram yuz-koʻzida quvonch koʻrdim, u butunlay sogʻayib ketgan edi. Ketar chogʻimda Lolaxonni izlab topdim va tashakkurimni izhor etdim. Oddiy tashakkurning oʻzi kamlik kilganidek, sovgʻa-salom hadya qilmoqchi boʻldim, u qoʻlimni qaytardi.
— Gippokrat qasami ichganmiz, otaxon, shu sovgʻa-salomni oilangizga olib borib, birgalikda baham koʻringlar, — dedi. Rosti, shunday qoʻli halol shifokorlar borligidan quvonib ketdim. Aslida menga qalam tutqazgan holat ham shu — Lolaxonning oʻz kasbiga fidoyiligi va halolligi edi.
Yurtimizda shunday shifokorlar safi kengayaversin!
Xoʻjaqul NAZAROV,
Nishon tumani,
Qashqadaryo viloyati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring