Shifoхonaga 4-marta kelib, uyiga qaytarilgan fuqaroda koronavirus aniqlandi

16:51 15 Aprel 2020 Jamiyat
4910 0

arxiv foto

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshligʻi Sodiqjon Berdialiyev koronavirusga test topshirishda yuzaga kelayotgan kamchiliklarni maʼlum qildi.

“Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro 19-mart kunidan 4-aprel kuniga qadar, yaʼni 16 kun mobaynida tana harorati koʻtarilib, holsizlik sezayotgani bois 4-marta Yunusubod tumanidagi 51-sonli oilaviy poliklinikaga va 1-marta 7-sonli shahar klinik shifoxonasiga murojaat qilgan.

Shifokorlar unga tibbiy yordam va muolajalar koʻrsatib, uyiga ketishiga ruxsat berishgan.

Ushbu fuqaroning sogʻligʻi ogʻirlashib, beshinchi marta shifoxonaga murojaat qilganidan soʻnggina undan virusologik tekshiruv uchun namuna olingan.

Tekshiruv natijasida unda koronavirus aniqlanib, u va u bilan muloqotda boʻlgan 30 nafar fuqaro karantinga olindi.

Ming afsuski, hozirda u bilan muloqatda boʻlgan hamshira va boshqalarda ham koronavirus aniqlanmoqda.

Tahllilarga koʻra, hozirda kasallik yuqtirishi mumkin boʻlgan xavfli guruh:

  • bozorlarda va katta savdo doʻkonlarida savdo qilayotgan sotuvchilar;
  • ichki ishlar postlarida tunu-kun koʻplab fuqarolar bilan muloqatda boʻlib ishlayotgan xodimlar;
  • tibbiy xizmat xodimlari,
  • umumiy tartibda karantinda saqlanib turgan fuqarolarimiz boʻlib qolmoqda.

Unutmaylik, hozirgi kunda hech kimga kasallik yuqmay qolishiga ishonch yoʻq.

Yagona yoʻl — shifokorlar tavsiyasiga amal qilish, uyda qolish va muloqatlarni keskin cheklashdir”, deydi Berdialiyev.

Shuningdek, Berdialiyevning maʼlum qilishicha, Shu kunga qadar bemorlar bilan muloqotda boʻlgan 9538 nafar shaxs haqida maʼlumot toʻplandi. Muloqotda boʻlgan shaxslarning:

  • 2204 nafari — bemorning yaqin qarindoshlari,
  • 3877 nafari — birga ishlovchi va doimiy muloqotda boʻlgan shaxslar,
  • 3453 nafari esa — bir marotaba muloqotga kirishgan shaxslardir.

Karantin qoidalariga amal qilmaslik boʻyicha 42,782 ta huquqbuzarliklar aniqlandi. Huquqbuzarlarning:

39,291 nafari — erkak,

525 nafari — ayol.

Huquqbuzarliklarning:

40,360 nafari — tibbiy niqob taqmasdan yurish,

395 nafari — karantin hududini tashlab ketish,

201 nafari — vaqtinchalik toʻxtatilgan savdo faoliyatini davom ettirish,

24 nafari — marosim yoki yigʻinlar oʻtkazish,

10 nafari — ijtimoiy tarmoqlarda vahima chiqaruvchi yoki asossiz maʼlumotlar tarqatish,

1792 ta boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishgan.

Huquqbuzarliklarning 6,785 tasi Toshkent shahrida; 4,465 tasi Samarqand viloyatida; 5,341 tasi Toshkent viloyatida; 5,430 tasi Fargʻona viloyatida va boshqa hududlarda sodir etilgan.

65 yoshdan yuqori keksalarning uydan chiqmasliklari qarori yuzasidan 3,261 nafar keksa yoshdagi fuqarolarimiz tomonidan ham karantin qoidalarini buzish holatlari qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер