Shifo ixlosdan

16:51 05 Oktyabr 2022 Jamiyat
799 0

Foto: Xalq so‘zi

“Kech olib kelibsizlar”, “faqat xorijda davolash mumkin”...

Besh olti yil ilgari shifokorlarimiz ushbu iborani tez-tez qoʻllar, umid va iltijo bilan tikilgan koʻzlardan nigohlarini qayerga olib qochishni bilishmasdi.

Aslida yaqin-yaqinlargacha kasallikni yashirin davridayoq aniqlashning imkoni bemor tugul shifokorlarimizda ham chegaralangan edi. Fonendoskop va tonometrgagina ega vrachlarimiz, bir qator makkor xastaliklarni erta aniqlay olmay, uning asoratlarini davolashda esa ojiz qolishardi. Aholining tibbiy madaniyati borasida soʻzlasak, koʻpchilik jonidan oʻtmaguncha “sudralib” yuravergani ham bor gap. Buning oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan sabablari ham anchagina. Aytaylik, Navoiy viloyati Tomdi tumanining olis Ayaquduq ovulidagi yurtdoshimiz onkodispanser tekshiruvidan oʻtishi uchun qariyb 600 chaqirim yoʻl bosib, viloyat markaziga kelib ketishi, tahlil natijalarini kamida ikki kun kutishi lozim edi.

Albatta, har kimning sogʻligʻi, salomatligi, avvalo oʻziga kerak. Biroq malakali, sifatli tibbiy xizmatning olisligi, yuqori texnologiyalarga asoslangan muolaja va jarrohlik amaliyotlarining markazda, aksariyatining esa xorijda amalga oshirilishi, tibbiy jihozlanishning shoʻro davridan “anʼana”ga koʻra – markazdan ortgani bilan taʼminlashga asoslangani chekka hududlarda odamlarning tibbiyotdan ixlosini qaytargani ham bor gap. Bir soʻz bilan aytganda hududlarda sogʻliqni saqlash tizimlari tub islohotga muhtoj edi.

Aynan shu maqsadlarda Respublikamiz Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizdagi ilmiy markaz va respublika klinikalarining tajribali shifokorlari hududlarga safarbar etildi. Tibbiyot muassasalarining eng ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlanishida bir qator imtiyoz va erkinliklar berildi. Xususan, Navoiy viloyatidagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ish boshlagan salohiyatli mutaxassislarning malaka va tajribalari tufayli tugʻma yurak yetishmovchiligini bartaraf etish, buyrak koʻchirish va boshqa bir qator murakkab jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish oʻzlashtirildi.

— Markazimizga soʻnggi ikki yilda 96 turdagi eng zamonaviy, yuqori texnologiyaga asoslangan tibbiy uskunalar keltirildi, — deydi markazning radiolog vrachi Karim Rahmonov. — Ushbu jihoz va laboratoriya uskunalari yordamida davolash murakkab boʻlgan kasalliklarni dastlabki bosqichlardayoq aniqlash va muolaja choralarini qoʻllash imkoniyatiga ega boʻldik.

Markaz laboratoriyasida tahlil natijalarini olish uchun endi soatlab kutish ham shart emas. Bir vaqtning oʻzida 60 ta qon namunasini bir necha koʻrsatkich boʻyicha tekshirish imkoniyatiga ega laboratoriya jihozlari bemorlarni qiynab kelayotgan kasallik sababini aniqlash, tashxis qoʻyish, muolajaning nojoʻya taʼsirlaridan himoya qilish imkonini beradi.

Xullas, shifo maskaniga bugun navoiyliklarning ixlosi oshdi. Ayniqsa yurak qon-tomir kasalliklaridan aziyat chekib, yuqori texnologik operatsiya zarurati tugʻilgan bemorlar endilikda shifo istab poytaxt yoki boshqa mamlakatga borishmaydi. Intervension kardiologiya yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi oʻlaroq, joriy yil boshidan buyon 134 nafar bemor yuragida yuqori texnologiya asoslangan jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Yurak klapanlarining tugʻma va orttirilgan nuqsonlarini bartaraf etish, zararlangan yurak toj tomirlari plastikasi va stendlash singari bir qator zamonaviy operativ davo muolajalari muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

— Olti-yetti yil avval yurtdoshlarimiz ushbu amaliyotlarni olish uchun qarz koʻtarib, hatto uy-joyini sotib, xorijda davolanib kelishardi, — deydi markaz bosh shifokori Baxtiyor Umarov. — Bugun ushbu amaliyotlarning barchasi har bir viloyat markazlarida byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshirilmoqda. Yana bir samarani alohida eʼtirof etish joiz, yurak toj tomirini stendlash natijasida bemorlarda miokard infarktining oldi olinadi. Miokard infarkti maʼlumki, oʻta kutilmagan, (hatto oʻlim) umrbod nogironlik asoratlari bilan bemorga xavf solib turadi. Ushbu amaliyotni amalga oshirish natijasida esa bemorning nafaqat hayoti saqlab qolinadi, balki yashash sifati ham yaxshilanadi.

Markazda joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 18 nafar bemorda murakkab, yuqori texnologik neyroxirurgik operatsiyalar bajarildi. 40 nafar bemordagi koʻz kasalliklari asorati jarrohlik amaliyoti orqali davolandi. 8 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi bajarildi. 125 nafar fuqaroga esa yuqori texnologik travmatologik tibbiy xizmat koʻrsatildi. Shuningdek, chanoq-son va tizza boʻgʻimlarini total endoprotezlash amaliyoti ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Shifokorlarning xorijda tajriba oshirayotgani tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashda muhim omil boʻlmoqda.

— Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi R. Vreden nomidagi travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot ilmiy markazida malaka oshirib keldim, — deydi markazning travmatologi Matyoqub Toʻxtayev. — Hozirgi kunda nafaqat viloyatimiz balki qoʻshni hududlardan kelgan bemorlarda ham chanoq-son va tizza boʻgʻimlarini total endoprotezlash amaliyotlarini oʻtkazib, sogʻlom hayotga qaytarmoqdamiz.

Bugun markazda nafaqat mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, balki xorijdagi nufuzli klinikalar shifokorlarini ham tibbiyot muassasasiga jalb etgan holda yangi-yangi, samarador jarrohlik amaliyotlarini oʻzlashtirish, oʻzaro tajriba almashish, bemorlarga sifatli, malakali tibbiy yordam koʻrsatish keng yoʻlga qoʻyilgan.

— Bizning kardiojarrohlardan iborat brigadamiz Navoiy shahridagi ushbu markazda bolalar va kattalarda bir necha murakkab kardiojarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishdi, — deydi rossiyalik kardiojarroh Aleksey Zubriskiy. — Markazning eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanganligi barcha amaliyotlarning samarali oʻtishini taʼminlamoqda. Shu bilan birga yana bir qator murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan tibbiy jihozlar boʻyicha oʻz takliflarimizni berdik. Ishonchim komilki, bu jihozlar bilan markaz yaqin kunlarda taʼminlanadi. Sababi bugun Oʻzbekistonda inson salomatligi muhofazasi davlat siyosati maqomida taʼminlanmoqda.

Mamlakatimiz rahbari joriy yilning 18-mart kuni “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalga oshirishda sogʻliqni saqlash tizimi va jonkuyar tibbiyot xodimlariga tayanamiz» mavzusida oʻtkazilgan ochiq muloqot hamda shu yil 24-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan «ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoyishida sogʻliqni saqlash tizimi samaradorligini yanada oshirish, hududlarda birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmogʻini kengaytirishni kechiktirib boʻlmas vazifalar sifatida belgilab berdi. Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Markazning malakali mutaxassislari tuman tibbiyot birlashmalariga biriktirilib, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha zaruriy tavsiyalar berib, mahorat darslarini tashkil etishmoqda.

— Respublikamiz markaziy klinikalarida oʻtkazilayotgan murakkab jarrohlik amaliyotlarining deyarli 90 foizini markazimizda oʻtkazishni oʻzlashtirdik, — deydi bosh shifokor Baxtiyor Umarov. — Bugungi kunda malakali jarrohlardan iborat transplantatsiya oʻtkazadigan jamoani Hindistonga malaka oshirish uchun yuborganmiz, undan keyin ular yana bir xorijdagi nufuzli klinikalarda tajriba va salohiyatini oshirishadi. Shuningdek, bir nafar mutaxassisimiz Saudiya Arabistonida malaka oshirmoqda. Shaxsan oʻzim Novosibirsk(Rossiya)da malaka oshirib keldim. Nasib etsa, yaqin kelajakda jigar transplantatsiyasini amalga oshirishni yoʻlga qoʻyamiz.

Taʼkidlash joiz, amalga oshirilayotgan yuqoridagi tadbirlar yaqin istiqbolda oʻz samaralarini berishi tayin. Salomatlik tuman boylik ekan unga masʼuliyat bilan munosabatda boʻlish, tan sihatligidek neʼmatni borida qadrlash, oʻz vaqtida shifokorga murojaat etishdek oddiy va muhim qoida esa har doim oʻzgarishsiz qolaveradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер