SHHTning Sariq kitobi o‘zida nimalarni ifodalaydi?

18:05 05 Iyun 2018 Dunyo
1792 0

Pekin shahrida “SHHTning Sariq kitobi: Shanxay hamkorlik tashkiloti rivojlanishi haqida ma’ruza (2018)” nashr etildi. Unda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar a’zolari soni oshirilishi tajribasi hamda SHHT kengaytirilishi nuqtai nazaridan moslashish davrida quyidagilar asosiy vazifalar ekanligi qayd etilgan. Ular o‘zaro ishonchni mustahkamlash, tizimli mexanizmlarni takomillashtirish va imzolangan hujjatlar qoidalarini amalga oshirishdir. Bu haqida “Jenmin jibao” nashri xabar berdi.

Sariq kitob Xitoy Fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti va XXR ijtimoiy fanlar nashriyoti tomonidan tayyorlandi.

Mazkur ma’ruzada asosiy e’tibor SHHTning 2017 yilgi rivojlanish jarayonlariga qaratilgan bo‘lib, xalqaro va mintaqaviy vaziyat, qolaversa, murakkab geosiyosiy strategik tuzilmadagi o‘zgarishlar tahlil etib berilgan, SHHT taraqqiyoti davomida yuzaga kelgan masalalar o‘rganilib, tavsiyalar taqdim etilgan.

O‘zaro ishonchni mustahkamlashdan kelib chiqib qayd etilishicha, aniq vaziyat fonida SHHT majburiyatlari hamda uzoq muddatli hamkorlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik to‘g‘risidagi shartnomani bajarish uchun mazkur tashkilotning yangi a’zolariga zarur yo‘l-yo‘riqlar taqdim etilishi lozim.

Ma’ruzaga ko‘ra, tizimli mexanizmlarni takomillashtirish borasida SHHTning hali oxiriga yetkazilmagan mexanizmlarini tizimli, har tomonlama va istiqbolli tahlil qilish kerak. Yangi mintaqaviy vaziyat va muhitga, shuningdek, tuzilmaning aniq rivojlanishiga mos keladigan mexanizmlarni o‘rnatish darkor. Institutsional masalalarni ro‘yobga chiqarishda esa mehnat resurslari va huquqiy tizimlar qurilishini jadallashtirish, tegishli dasturilamalni takomillashtirish, ishchi qo‘mitalar va guruhlar xodimlari faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlarni isloh qilish, tashkilotning ijro samaradorligini oshirish joiz.

Sariq kitobda ta’kidlanishicha, imzolangan hujjatlar qoidalarini bajarish sohasida bitimlarda ko‘zda tutilgan o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalari ijrosiga e’tiborni kuchaytirish maqsadga muvofiq. Ufada qabul qilingan “SHHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasi” shulardan biridir. Ayni paytda SHHT ichida ham, uning tashqarisida ham sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘lyapti. Binobarin, Shanxay hamkorlik tashkiloti yangi bosqichga kirar ekan, uning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini takomillashtirish yoki kelgusi o‘n yil uchun yangi rejani ishlab chiqish zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер