SHHT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari

16:08 14 Sentyabr 2022 Siyosat
914 0

Foto: Халқ сўзи

Shanxay hamkorlik tashkiloti(SHHT) Samarqand sammitida aʼzo mamlakatlar sifatida hamkorlik qilayotgan 15 davlat rahbarlari va oʻnta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etadi.

SHHTning Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan sammiti, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatning hozirgi holatini hisobga olgan holda, alohida ahamiyatga ega boʻlib, global kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun juda oʻz vaqtida va samarali platforma yaratilishi kutilmoqda. Sammitda muhokama qilinadigan eng muhim masalalardan biri iqtisodiy hamkorlikni yangi jabhalarini belgilab olishga qaratiladi.

Bugungi kunda Jahon iqtisodiyotining yangi sharoitida Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorlik salohiyatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda.

2021-yil yakunlariga koʻra SHHTga aʼzo tashqi savdoning oʻsishi 33 foizga oshib, 8 trillion dollardan oshdi va aʼzo davlatlar oʻrtasidagi ichki savdo aylanmasi qariyb 40 foizga oʻsib, 768 milliard dollarni tashkil etdi (MOXI maʼlumotlari). Bu koʻrsatkichlar, ayniqsa, YAIM 50-100 mlrd dollargacha boʻlgan aʼzo mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochilishi mumkinligini anglatadi.

Mamlakatimizning investitsiya imkoniyatlarini oshirish, SHHT aʼzo mamlakatlari oʻrtasida kapital almashinuvini yangi bosqich va miqdorga koʻtarish, ushbu masala boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, ikki tomonlama manfaatlarni roʻyobga chiqarish va iqtisodiy islohotlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonning “iqtisodiy” tashabbuslari qatorida SHHT ishbilarmonlar Kengashi doirasida oʻzaro sarmoyalarni ilgari surish boʻyicha global moliyaviy-iqtisodiy tahlikalarni yumshatishga qaratilgan qoʻshma harakat rejasini ishlab chiqishi turmush darajasining keskin pasayib ketishini oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va iqtisodiy yuksalishga erishish hisobidan aholi turmush farovonligini oshirish chora-tadbirlarini qamrab oladi.

Sammitda SHHTning mintaqalararo savdoni rivojlantirish dasturi imzolanishi rejalashtirilgan. Bunda, har bir aʼzo mamlakatning ichki imkoniyatlari va tashqi hamkorlik omillari nafaqat oʻzaro savdo-sotiqni, shu bilan birga milliy ishlab chiqarish yoʻnalishlarining transformatsiya qilinishiga erishish mumkin boʻladi. Natijada oʻzaro savdo-sotiqni tovarlar va xizmatlar nomenklaturasining kengayishi, tarkibining yanada yangilanishi va oqibatda, tashkilotning barcha aʼzolarining iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlar farovonligini rivojlantirish uchun Oʻzbekiston tomonidan sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish boʻyicha taklif etilgan dasturning qabul qilinishi, iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishida oʻzgarishlarni taʼminlab, ishga solinmagan ishlab chiqarish salohiyatini yuzaga chiqarish, iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini yaratish, yangi ish oʻrinlarini barpo etish, jumladan xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini yangi pogʻonaga koʻtarish hamda uchinchi mamlakatlarga qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar eksportining tarkibini kengaytirish imkonini beradi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, SHHTga aʼzo davlatlarning asrlar davomida “Buyuk Ipak yoʻli” bilan birlashgan, Sharqdan Gʻarbga va Gʻarbdan Sharqqa tovarlar va xizmatlar ayirboshlanuvini taʼminlovchi transport arteriyasini shakllantirish va ishga tushirish oʻzaro bogʻliqlikdagi ulkan salohiyat mavjudligini real voqelikka aylantiradi. Bu yoʻnalishda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻl aloqasi loyihasini amalga oshirish juda istiqbolli hisoblanadi.

Shu bilan birga, zamonaviy sharoitda Oʻzbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining oʻzaro bogʻliqligi tashabbusini, shu jumladan Termiz–Mozori-Sharif–Qobul–Peshovar temir yoʻlini qurishni faol ravishda ilgari surmoqda, bu nafaqat SHHTga aʼzo davlatlarning logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, balki shuningdek, Afgʻonistonni tinch yoʻl bilan qayta qurish va Shimoliy-Janubiy yoʻnalishdagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

SHHTga aʼzo davlatlarning oʻzaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish va samarali transport logistikasini yaratish borasida konseptual loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan yoʻl xaritasini qabul qilishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Bu aʼzo davlatlarning SHHTning transport va tranzit salohiyatini ochilishiga imkon yaratadi, savdoda yangi bozorlarni qamrab olish geografiyasini kengaytirish, yangi bozorlar uchun ishlash taʼsirida ishlab chiqarish turlarining rivojlanishiga turtki boʻladi. Natijada, yangi manfaatlar qondirilishi uchun texnik-texnologik hamkorlik kuchayib, iqtisodiy aloqalarning yangi va kengaytirilgan zamonaviy turlari qaror topadi.

Xulosa qilib aytganda, SHHT aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan bir qator konseptual hujjatlarning ahamiyati va sonini hisobga olgan holda, sammit natijalari SHHTning faoliyatida yangi davrni boshlab beradi.

Rustam Xasanov,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar

instituti loyiha rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер