Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistondagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi
Foto: Prezident Matbuot xizmati
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Unda davlatimiz rahbari butun mamlakatimizda boʻlayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni Qoraqalpogʻiston misolida yaqqol koʻrish mumkinligi taʼkidladi.
Bugungi tahlikali va murakkab zamonga qaramasdan, iqtisodiyotimiz barqaror oʻsib borayotgani, dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari buni eʼtirof etayotgani, xususan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqlagani ham shular jumlasidandir.
Uchrashuvda shunday yuksak marraga erishishda ilgʻor texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish oʻrinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan azm-u shijoatli tadbirkorlarning hissasi beqiyos ekani eʼtirof etildi.
Prezident rivojlangan davlatlarda oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan, katta-katta natijalari bilan yurtimiz nomini chet elliklarga tanitayotgan koʻplab vatandoshlarimiz borligini qayd etdi. Bugungi uchrashuvda 40 dan ziyod ana shunday vatanparvar, ishbilarmon biznes vakillari ishtirok etmoqda.
Qayd etish kerakki, kuni kecha ilgʻor biznes vakillaridan 37 nafari orden va medallar bilan, 104 nafari “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangandi.
Davlatimiz rahbari ularni chin dildan tabriklab, fidokorona mehnati uchun oʻz nomidan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi. “Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus koʻrsatishdan charchamanglar. Sizlarni qoʻllab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!”, degan Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini nishonlashga oid qarorni imzolagandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring