Shavkat Mirziyoyev tugʻilgan kuni bilan tabriklagan barchaga chuqur minnatdorlik izhor qildi
Tugʻilgan kunim munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etib, oʻzlarining samimiy qutlovlari va ezgu tilaklarini bildirgan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, taniqli siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mehnat jamoalari, mahallalar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari faollariga, tadbirkorlarimizga, mamlakatimiz va chet ellardagi barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Mening nomimga yoʻllangan ushbu tabrik va tilaklarni, avvalo, koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, dunyo hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlarimizga, yorugʻ kelajagimizga ishonch va eʼtibor ifodasi sifatida qabul qilaman.
Barcha tashabbus va dasturlarimizni doimo qoʻllab-quvvatlab kelayotgan mard va olijanob xalqimizga yana bir bor chin dildan farzandlik mehrim va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.
Ishonchim komil, el-yurtimizning ulkan yaratuvchilik mehnati, azmu shijoati bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va uni jahondagi taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqish boʻyicha oʻz oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlarga albatta yetamiz.
Chuqur hurmat va eng ezgu tilaklar bilan,
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring