Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevga sihat-salomatlik tilab maktub yoʻlladi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyevga maktub yoʻlladi.
Unda shunday deyiladi:
““Muhtaram Nursulton Abishevich!
Sizning koronavirus kasalligiga chalinganingiz toʻgʻrisidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim.
Hayotingizdagi ushbu sinovli va murakkab paytlarda biz uchun hamisha cheksiz ehtiromga sazovor boʻlib kelgan Siz, aziz ogʻamni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligimni va yaqin koʻmakdosh ekanligimni yana bir bor chin qalbdan maʼlum etmoqchiman.
Hech shubhasiz, qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib oʻtib, shifo topishingizga va tuzalib ketishingizga ishonchim komildir.
Qadrli Nursulton Abishevich, Sizga, Qodir Allohdan mustahkam sihat-salomatlik, kuch-quvvat, uzoq umr va yangi zafarlar ato qilishini soʻrab qolaman.
Tez orada Siz bilan diydor koʻrishish baxtiga muyassarlik nasib etishiga umid qilaman”.
Eslatib oʻtamiz, 18-iyun kuni Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevda koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring