Shavkat Mirziyoyev: Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo aylanmasi hajmini 2 barobar koʻpaytirish imkoniyati bor

19:49 11 Mart 2021 Siyosat
1322 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Muzokaralarda asosiy eʼtibor ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Taʼkidlash kerakki, bu boradagi koʻrsatkichlar ijobiy dinamikaga ega. Xususan, soʻnggi toʻrt yilda oʻzaro savdo besh barobardan ziyodga oʻsgan va 900 million dollardan oshgan.

Davlat rahbarlari oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish strategik sheriklikning ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidladi. Savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va nomenklaturasini kengaytirish orqali kelgusi yillarda uning hajmini ikki barobar koʻpaytirish imkoniyati borligi qayd etildi.

Shu maqsadda ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir boʻlgan, shu jumldan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish, tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlashga kelishib olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya muhim oʻrin tutayotgani eʼtirof etildi. Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida hukumat rahbarlariga komissiyaning navbatdagi yigʻilishini tez orada oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Savdo uylari faoliyatini kengaytirish, biznes-forumlar va sanoat mahsulotlari koʻrgazmalarini oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bular, xususan, Qirgʻizistonda yengil avtomobillar, qishloq xoʻjaligi texnikalari, maishiy texnikalarni yigʻishni tashkil etish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda toʻqimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalardir.

Eʼlon qilingan kapitali 200 million AQSH dollari boʻlgan Oʻzbekiston – Qirgʻiziston investitsiya jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilandi, ikki mamlakat hukumatlariga uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Transport sohasi va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish - Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hamkorligining muhim yoʻnalishi. Bu boradagi saʼy-harakatlar tashqi bozorlarga yaqin va samarali chiqishni taʼminlaydi. Ayniqsa, “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻlining qurilishi strategik ahamiyatga ega.

Prezidentlar mazkur yoʻlning qisqa vaqtda barpo etilishi ikki mamlakat manfaatlariga toʻliq mos kelishi, mintaqamizning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarib, jozibadorligini oshirishini alohida taʼkidladilar. Shu bois, ushbu muhim loyiha boʻyicha ishlarni birgalikda davom ettirishga kelishib olindi.

“Toshkent-Andijon-Oʻsh-Irkishtom-Qashgʻar” xalqaro multimodal yoʻnalishi ham savdo hajmi ortishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki davlat shaharlari oʻrtasida avtobus, temir yoʻl va aviaqatnovlarni qayta tiklash yuk tashish, yoʻlovchi va turistlar oqimining koʻpayishida muhim omil boʻladi.

Aloqalarning yana bir katta yoʻnalishi – hududlararo hamkorlik. Bu borada 2017-yil 5-sentyabrda hukumatlar oʻrtasida bitim hamda ikki mamlakat viloyat va shaharlari oʻrtasida kelishuvlar imzolangan. 2018-yilda Hokimlar va chegaradosh viloyatlar maʼmuriyatlari rahbarlari kengashi tuzilgan.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni yana faollashtirib, erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash, chegaraoldi viloyatlarni kompleks rivojlantirish, davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu kelishuvlarni tashrif arafasida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hamda Oʻsh, Jalolobod, Botken va Norin viloyatlari tomonidan kelishib olingan “yoʻl xaritalari” doirasida amalga oshiriladi.

Tomonlar Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu yoʻnalishdagi hamkorlikning uzoq muddatli barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishildi. Oʻzbekiston Qirgʻizistonda gidroenergetika loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili boʻlgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi.

Fan, taʼlim, madaniyat, sport va turizm kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yakdil fikr bildirildi. Davlat rahbarlari madaniy almashinuvlar ikki xalq oʻrtasida oʻzaro tushunish va doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab, madaniyat kunlari va boshqa gumanitar tadbirlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.

Qirgʻiziston Prezidenti koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasida, jumladan, dori-darmon va tibbiyot vositalari yetkazib berish borasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер