Shavkat Mirziyoyev bir guruh madaniyat vakillariga tabrik yoʻlladi

21:29 11 Iyun 2024 Siyosat
803 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.

"Avvalo, bugungi ulkan voqea – Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlarining tantanali ochilishi bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarga yaxshi maʼlumki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Ozarbayjon davlatlari oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Buni barcha sohalar qatori madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi aloqalarimiz ham izchil rivojlanib borayotgani misolida barchamiz yaqqol koʻrib turibmiz.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti aziz qardoshim Ilhom Geydarovich Aliyev bilan kelishuvlarimiz asosida oʻtgan yili Ozarbayjonda Oʻzbekiston madaniyati kunlari, shu yil yanvar oyida esa Oʻzbekiston fani va madaniyati kunlari yuksak saviyada oʻtkazildi.

Qadimiy Ozarbayjon zaminida oʻzbekistonlik ilm-fan va madaniyat namoyandalar katta hurmat-eʼtibor bilan kutib olingani, bu diyorda boʻlib oʻtgan qizgʻin va samimiy uchrashuv va muloqotlar, hech shubhasiz xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.

Biz Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Baxshichilik va “Lazgi” festivallari hamda boshqa yirik madaniy tadbirlarda Ozarbayjon ijodkorlari muntazam ishtirok etib kelayotganini yuksak qadrlaymiz.

Ozarbayjonda milliy mugʻom sanʼati boʻyicha boʻlib oʻtadigan anʼanaviy festivalga oʻzbek sanʼatkorlari doimiy taklif etib borilayotgani alohida diqqatga sazovordir.

Bugun mamlakatimizda katta shodu xurramlik bilan boshlanayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari qardosh ozar zaminida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston madaniyati kunlarining uzviy davomidir.

Ishonchim komil, bizning sanʼatsevar xalqimiz orziqib kutgan ushbu madaniyat kunlari qardoshlarimizning qadimiy va boy madaniyati, sanʼati, adabiyoti, milliy anʼana va qadriyatlari bilan yanada yaqinroq tanishish uchun qulay imkoniyatlar beradigan goʻzal bir anjuman boʻladi.

Siz aziz, Ozarbayjon madaniyati kunlarining barcha ishtirokchilarini yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, yuksak ijodiy parvozlar tilayman.

Sizlar ushbu madaniyat va sanʼat bayrami doirasida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlar bilan xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishasizlar, deb ishonaman.

Qardoshlaringiz diyori – Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz", deyiladi tabrikda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер