Shaxsni qamoqda saqlab turish muddati ish sudga oʻtkazilganda tugasa-da, nega shaxs ozod etilmayapti?
Jinoyat-protsessual kodeksning 315-moddasiga asosan qamoqda saqlash uchun koʻrsatilgan muddat oʻtgach, shaxs darhol qamoqdan ozod etilishi lozim.
Biroq amaliyotda shaxsni qamoqda saqlab turish muddati ish sudga oʻtkazilganda tugasa-da, shaxs ozod etilmayapti. Jinoyat ishi sudga oʻtkazilishi zahoti shaxsni qamoqda saqlash bilan bogʻliq muddatlarga qoʻyilgan talablar oʻz mohiyatini yoʻqotadi. Chunki jinoyat ishi sudga kelib tushgandan soʻng sudya jinoyat ishini sudda koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi qarorida ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi toʻgʻri tanlanganligi masalasini muhokama qiladi. Asoslar boʻlgan taqdirdagina ayblanuvchiga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasini oʻzgartiradi yoki uni oʻzgarishsiz qoldiradi. Sudya sud muhokamasi davrida sudlanuvchi qancha muddat davomida qamoqda saqlanishini belgilamaydi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksning 405-moddasida jinoyat ishini sudda koʻrib chiqish muddati uzogʻi bilan olti oygacha uzaytirilishi belgilangan. Biroq kodeksda sud muhokamasi davrida shaxs qancha muddat qamoqda saqlanishi mumkinligiga aniqlik kiritilmagan va bu masala hanuz mavhumligicha qolmoqda.
Fuqaro S.Qodirov bilan oʻtkazilgan suhbatda bugungi kunda shaxs dastlabki tergov davrida qoʻllanilgan va faqat shu davr uchun belgilangan muddatda to hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar qamoqda saqlanayotganligi qonunga xilof ekanligini, jinoyat-protsessual qonunchiligidagi shu kabi kamchilik va oq dogʻlarni bartaraf qilish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, bugungi kunda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiyasi tomonidan Jinoyat-protsessual kodeksning yangi loyihasi koʻrib chiqilayotganligi munosabati bilan ushbu takliflarini qonun loyihasini yana-da takomillashtirishda foydalanishni soʻradi.
Qoʻmita yuqorida kiritilgan takliflarni jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha tuzilgan idoralararo komissiyaga yubordi. Uni amaliyotchi olimlar, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari mutaxassislarining eʼtiborlariga havola etgan holda fuqarolik pozitsiyasini bildirgan barcha fuqarolarimizga minnatdorchilik bildiradi.
Davron ARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masallari qoʻmitasi aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring