Shaxsiy tomorqa xoʻjaligi egasi uni himoya qila oladigan qonunni koʻrsatishimni soʻragandi

11:18 21 Avgust 2020 Siyosat
1179 0

Faoliyatimiz sababi bilan aholi orasida koʻp boʻlamiz. Qoʻmitamiz vazifalaridan kelib chiqqan holda saylovchilar bilan uchrashuvlarda ularning agrar sohadagi muammolari bilan koʻproq qiziqamiz. Ayniqsa, keyingi davr mobaynida aholi vakillarining tomorqa xizmatlari, tomorqalardan foydalanish yuzasidan qator masalalariga birgalikda javob topishga harakat qildik. Masalan, amaldagi qonunchilikda yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish yoki uni obodonlashtirish amalga oshirilmaganligi uchun huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash koʻzda tutilgan. Biroq qonunchilikda shaxsiy tomorqa yer uchastkasi tushunchasi, shaxsiy tomorqa xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanish masalalari yoritib berilmagan. Shuning uchun ham bugunning oʻzi mazkur masalalarni qamrab olgan qonun ishlab chiqishni taqozo qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muhokama uchun taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsiy tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi oʻzida yuqoridagi maqsadlar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarning yoʻnalishlari va dehqon xoʻjaliklari, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmini hamda aholi bandligi va daromadini oshirishni taʼminlash masalalarini ham oʻzida ifoda etmoqda. Shuningdek, yana bir jihatni alohida qayd etish kerak. Bu ham boʻlsa, mazkur qonunning ishlab chiqilishini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 1-maydagi qarori ijrosini taʼminlash ham taqozo qildi.

Shu oʻrinda bir gal muloqotlarning birida duch kelgan ushbu mavzuga aloqador holat yodimga tushdi. Namangan viloyatida saylovchilar bilan ochiq uchrashuvlarning biri. Ishtirokchilarning aksariyati dehqonlar, fermerlar, yer egalari. Agrar soha muammolarini bartaraf etish yuzasidan bahs-munozara qizigandan qizigan. Shunda yoshroq bir yigit soʻz olib, oʻrtaga dangal savol tashlagandi. Maʼlum boʻlishicha, kattagina shaxsiy tomorqa xoʻjaligini yuritarkan. Ammo har gal qaysidir yoʻnalishlarda muammoga duch kelarkanu, yechimiga kelganda, yo oʻzining huquqlarini bilmas ekan, yoki qaysidir vakolatli organning shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari sohasidagi vazifalarini roʻkach qilolmas ekan... Xullas, “meni himoya qiladigan qonun bormi?” degan savolini, ochigʻi, ochiq qoldirishga majbur boʻlgandim. Toʻgʻri, boshqa shunga yaqin meʼyoriy hujjatlarni koʻrsatdim, qachon boʻlsa, yordamga tayyor ekanligimni aytdim, lekin baribir mana shu yoʻnalishda, albatta, qonun ishlab chiqish zarurati borligini his qilgandim.

Mana, ayni niyat muddaoga aylanib, bugun mazkur qonun loyihasi muhokamasidamiz. Quvonarli jihati shundaki, loyiha qoʻllab-quvvatlansa, shaxsiy tomorqa yer uchastkasi, shaxsiy tomorqa xoʻjaligi, shaxsiy tomorqa xoʻjaligini yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari aniq belgilanadi, shu bilan birga vakolatli davlat hokimiyati organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlarining shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari sohasidagi vazifalari va ishtiroki taʼminlanadi. Loyihaning qabul qilinishi bilan fuqarolar tomonidan tomorqa xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish shaxsiy tartibi belgilanib, ularning huquqlari va majburiyatlari, shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari qonuniy jihatdan mustahkamlanadi.

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер