Shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslar ehtiyojlari taʼminlanadi

18:44 27 Sentyabr 2023 Siyosat
546 0

Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasida shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishi uchun sharoit yaratish masalasi muhokama qilindi.

Masalaning muhimligidan kelib chiqib, muhokama jarayonida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi masʼul xodimlari hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ham ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, 2022-yilda Senat Kengashi majlisida shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash va barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan toʻsiqsiz foydalanish uchun sharoit yaratish masalasi koʻtarilib, Kengashning tegishli qarori qabul qilingan edi. Bu borada masʼul vazirlik hamda idoralar tomonidan qator ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ijtimoiy-maishiy va madaniy maqsadlarga moʻljallangan qurilish obyektlari hamda rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarni foydalanish uchun ruxsatnoma berishda ishtirok etishiga tegishli ruxsatnoma berilmayotganligiga eʼtibor qaratildi.

Majlisda Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari ijtimoiy-maishiy va madaniy maqsadlarga moʻljallangan qurilish obyektlarini hamda rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda va foydalanishga ruxsatnoma berishda ishtirok etishlari belgilab qoʻyilganligi qayd etildi.

Senatorlar tomonidan yaqin bir yil davomida Toshkent shahrida qurib foydalanishga topshirilgan ayrim ijtimoiy-maishiy obyektlarda oʻrganish oʻtkazganilligi, oʻrganish davomida mazkur obyektlarda nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishlari uchun yetarli sharoit (pandus, lift, maxsus tutqichlar va h.k.) yaratilmaganligi aniqlangani haqida maʼlumot berildi.

Mazkur holatlardan kelib chiqib, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi masʼullariga yer maydoni hajmidan qatʼi nazar, barcha turdagi binolar, inshootlar, yakka tartibdagi uy-joylar, koʻp kvartirali uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilishda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash jarayonida nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillarining ishtirok etishi yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish kiritish boʻyicha taklif tayyorlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillarining ijtimoiy-maishiy va madaniy maqsadlarga moʻljallangan qurilish obyektlarini hamda rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarni foydalanish uchun ruxsatnoma berishda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

Majlis yakunida qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер