“Sergek” haydovchilarni sergaklantiradi
Foto: Xalq so‘zi
Yoʻl harakatini boshqarishga ilgʻor texnologiyalarning joriy etilishi joylarda transport vositalari bilan bogʻliq noxush holatlarning sezilarli darajada kamayishiga olib kelayotir. Ayni yoʻnalishdagi dastur ijrosi doirasida Namangan shahri, Uychi va Toʻraqoʻrgʻon tumanlarida Qozogʻiston Respublikasida ishlab chiqarilgan “Sergek” jamoat va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning aqlli tizimi ishga tushirildi.
Zamonaviy nazorat vositalari qoidabuzarliklarni aniqlashda inson omili ishtirokiga hojat qoldirmaydi. Hozirgi kunda 26 ta apparat-dasturiy kompleks uch hududdagi 13 ta uchastkada transportlar harakatini sezgirlik bilan qayd etmoqda. Xususan, tezlikning meʼyordan oshishi, svetoforning qizil chirogʻida harakatlanish, yoʻl belgilariga rioya qilmaslik, taʼqiqlangan joyda toʻxtash singari qoidabuzarliklar roʻyxatga olinadi.
— Aqlli tizim samarasi qisqa vaqt ichida koʻzga tashlandi, — deydi Namangan viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot texnologiyalari guruhi yetakchi mutaxassisi Saidulugʻbek Sultonov. — Masalan, ular ishga tushirilgan paytda kuniga mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlangan boʻlsa, hozirga kelib bu koʻrsatkich ikki baravar pasaydi. Umuman olganda, oʻtgan bir oy ichida yangi elektron vosita yordamida oʻn mingdan ortiq qoidabuzarliklar qayd etildi. Eng muhimi, haydovchilar nazoratning zamonaviy usulini toʻgʻri qabul qilib, qoidalarga amal qilish masalasiga anchagina jiddiy yondashmoqdalar.
Mutaxassisning sharhiga qaraganda, dasturiy taʼminot maxsus algoritmlardan foydalangan holda qoidabuzarlikni aniqlaydi, shundan soʻng ichki ishlar boshqarmasining vakolatli inspektori ushbu faktni tekshiradi va elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. Reglament protokolini KAAT maʼmuriy amaliyoti veb-saytida va ikkinchi darajali banklarning mobil ilovalaridan yuklab olish imkoniyati yaratilgan. Qoidabuzarliklar toʻgʻrisida bildirishnomalar mobil qurilmalarga SMS-xabarlar shaklida ham uzatiladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring