Sergey Lavrov Gʻarbni Rossiyadan 300 milliard ortiq dollarni “oʻgʻirlash”da aybladi

01:44 30 Aprel 2022 Dunyo
1081 0

Foto: РИА «Новости»

Gʻarb davlatlari Rossiyadan gaz uchun toʻlov sifatida «Gazprom»ning Gʻarb banklaridagi hisoblarida boʻlgan 300 milliarddan koʻproq dollarni “oʻgʻirlagan”. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov aytib oʻtdi.

«Ushbu vaziyatga qadar imzolangan shartnomalarda toʻlovlar dollar va yevroda koʻzda tutilgan. Bu toʻlovlar toʻgʻridan-toʻgʻri «Gazprom» hisob raqamlariga oʻtkazilgan va Gʻarb banklarida saqlangan. Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganidan soʻng, gʻarblik “doʻstlarimiz” bizdan 300 milliard dollardan koʻproq pul “oʻgʻirlashdi”, aslida esa ular gaz uchun oʻzlari toʻlagan pulni “oʻmarishdi”, deydi Sergey Lavrov. Uning qoʻshimcha qilishicha, Gʻarb davlatlari aslida uzoq yillar davomida Rossiya gazidan tekin foydalangan.

Uning soʻzlariga koʻra, Moskvaning asosiy xulosasi shu boʻldiki, Rossiya Gʻarb davlatlariga hech narsa uchun, ayniqsa, iqtisodiyot, texnologiya, oziq-ovqat va strategik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa kundalik ehtiyojlar kabi sohalarda tayanishi mumkin emas. Shu bilan birga, Lavrov Rossiya tomoni hech qachon hech bir davlat bilan munosabatlarni saqlab qolishdan bosh tortmasligini taʼkidladi.

“Agar odamlar jiddiy xato qilganliklarini va notoʻgʻri yoʻl tutishganini anglab olsalar, biz kelajakda munosabatlarni yangilashga harakat qilamiz. Har holda, biz mamlakatimiz hayotining muhim sohalarida taʼminlashimiz kerak”,  deydi vazir.

Shuningdek, u mamlakatning asosiy hamkorlarining aksariyati Rossiya gazi uchun haq toʻlash boʻyicha Moskva taklif qilayotgan sxemaga oʻtganini, chunki ular zangori olov uchun toʻlash valyutasida farq yoʻqligini qayd etdi.

Maʼlumki, 24-fevral kuni Rossiya Ukraina hududida “maxsus harbiy operatsiya” boshladi. Oʻshandan beri Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, AQSH va boshqa bir qator davlatlar Rossiyaga qarshi misli koʻrilmagan sanksiyalar kiritdi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер