Senator saʼy-harakati bilan mahallaga ichimlik suvi keldi
Oliy Majlis Senatining virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali aholi tomonidan koʻplab murojaatlar yoʻllanmoqda. Ular senatorlar tomonidan joyiga chiqib oʻrganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati Qibray tumani “Guliston” mahallasida istiqomat qiluvchi R.Sobirov va bir guruh nuroniy otaxonlar va faollar hududdagi ikki yildan buyon toza ichimlik suvi muammosini bartaraf etish yuzasidan Senat aʼzosi Malika Kadirxanovaga murojaat qildi.
Ushbu holat parlament yuqori palatasi aʼzosi tomonidan oʻrganilganida suv mahallaning 6 ta koʻchasiga isrof boʻlib oqib yotgani, suv quvurlari yaroqsiz holga kelib qolganligi ayon boʻldi. Qolaversa, tegishli mutasaddi tashkilotlar mazkur muammo dasturda koʻzda tutilmagani va mablagʻ ajratilmaganini maʼlum qilgan.
Senator M.Kadirxanovaning saʼy-harakati bilan ushbu masala bartaraf etildi. Yaʼni “Guliston” MFYga uskunalar yetkazib berildi, yaroqsiz holdagi suv quvurlari almashtirildi. Endilikda mazkur mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadigan boʻldi.
Bu kabi xayrli tashabbus esa xalqimizda “Suv keltirgan – elda aziz”, degan naqlning amaliy ifodasi, desak mubolagʻa emas.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring