Senator Toʻrtkoʻl tumani aholisi bilan uchrashdi
Toʻrtkoʻl tumani hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi N.Umarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Sh.Ataniyazov, Oʻzbekiston Milliy bankining kredit departamenti boshqarma boshligʻi Ya.Matkarimov, Qoʻngʻirot mintaqaviy temir yoʻl uzeli boshligʻi B.Xudoynazarovlar ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Unda deputatlar, sektor rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yigʻini raislari hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirok qildilar.

Tadbirda soʻz olganlar “2020 — 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezidentimiz qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati, hududda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash tizimini yaratish borasida toʻxtalib oʻtdilar.
— Maqsadimiz — har bitta loyihani oxirgi natijasi bilan koʻrish, deydi Senat aʼzosi N.Umarov. — Biz, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari va boshqa masʼullar bilan birgalikda “Qumbosgan” ovul fuqarolari yigʻini aholi bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolar va ularni bartaraf qilish boʻyicha vazifalarni belgilab oldik. Uchrashuv davomidagi aholidan kelgan murojaatlardan koʻrinib turibdiki, xalqimizni doimiy ish bilan band qilsak, daftarga kiritilgan roʻyxatdagilar soni oʻz-oʻzidan kamayadi. Shu bois tashrifimiz davomida yangi ish oʻrinlarini ochishga qaratilgan yangi loyihalarni ishga qoʻshish masalasiga alohida eʼtibor qaratdik.
Tadbir ishtirokchilari tumandagi “Toʻrtkoʻl kunjuti” MCHJ va unga qarashli gidroponika usulida faoliyat yuritayotgan issiqxonadagi ishchilarning ish sharoitlari, eksport uchun qayta tayyorlanayotgan kunjutning ishlab chiqarish jarayoni va ushbu faoliyat turini rivojlantirish borasidagi loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, “Toʻrtkoʻl shisha idishlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga tashrif buyurib, ularning ishlab chiqarish quvvati bilan ham tanishib, bu kabi loyihalarni hududda koʻpaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalarini berdi.
Gʻ.Otajonov
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring