Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida “propiska” soʻzi maʼnan eskirganligi uchun “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchaciga almashtirilishi aytildi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad shaxsiy hujjatlari bilan bogʻliq munosabatlarda mavjud muammo va kamchiliklarni, shuningdek, doimiy propiska bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladigan qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarni bartaraf etish, amalda boʻlgan biometrik pasport bilan bogʻliq yangi huquqiy munosabatlar joriy qilinganligi bois qonunchilikni takomillashtirishdan iborat.
Bugungi kunda “propiska” soʻzi maʼnan eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida “toʻsqinlik qiluvchi”, “erkinlikni cheklovchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan, qonun hujjatlardagi “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi boʻyicha hisobga olish” tushunchalarini “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” tushunchalariga almashtirilmoqda.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan xorijga chiqish biometrik pasporti joriy qilinganligi sababli qonunchilikka tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, bir qator qonunlarga biometrik pasportga oid ishlatilayotgan tushunchalar kelgusida identifikatsiya ID-kartasi bilan qoʻllanilishi sababli identifikatsiya ID-kartasi tushunchasi kiritish belgilanmoqda.
Qonun qabul qilinishi natijasida huquqni qoʻllash amaliyotida “doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish” normalarining bir xilda boʻlishi hamda bir xil koʻrinishda qoʻllanilishiga, identifikatsiya ID-kartasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tushunchalar va huquqiy qoidalar moslashtirilishiga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring