Senatda yangi qoʻmita tuzildi
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻta muhim va dolzarb vazifalarni hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasini tuzishni taklif qildi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” gi Qarori qabul qilindi. Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi.
Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qoʻmitaning asosiy vazifalari qatorida mamlakatda gender tenglikni taʼminlashga va xotin-qizlarning davlat va jamiyat ishlarida faol ishtirok etishiga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish,gender tenglik masalalari va oila institutini rivojlantirishga oid qonunlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga hamda xalqaro huquq normalariga muvofiqligi nuqtayi nazaridan koʻrib chiqish va tegishli xulosalar berish kabi muhim yoʻnalishlar belgilandi.
Shuningdek, Qoʻmita zimmasiga ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, gender tenglik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan xalqaro hujjatlar normalarining amaliyotga joriy etilishi hamda unda belgilangan tavsiyalar ijro qilinishi yuzasidan monitoring olib borish vazifasi ham yuklatildi.
Joylarda aholi, jumladan xotin-qizlar bilan bevosita muloqot qilish orqali gender tenglik masalalariga oid haqiqiy ahvolni oʻrganish hamda bu borada aniqlangan dolzarb masalalarni parlament nazorati vositalarini qoʻllagan holda hal etish choralarini koʻrishga ham Qoʻmita faoliyatida alohida eʼtibor qaratiladi.
Bundan tashqari, Qoʻmita aʼzolari reproduktiv salomatlikni, shuningdek onalik va bolalikni muhofaza qilish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlab, jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar,gender tenglik va oila institutiga oid masalalar yuzasidan murojaatlarini ham koʻrib chiqadilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring