Senat raisi “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini asosli tanqid qildi
Foto: X.Paydoyev / Xalq soʻzi
Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”/Toshkent. Toshkentda Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi. Majlis avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev maʼruza qilib, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy iqtisodiy, madaniy maʼrifiy hayotidagi islohotlar va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar ustidan samarali parlament nazorati natijalari xususida soʻzladi.
Maʼruzada aytilishicha, qonun, ijrosi bilan kuchli. Jamiyatda qonun ustuvorligi, avvalo, uning ijrosi qay darajada taʼminlangani bilan bogʻliq.
Afsuski, hatto qonun ijrosini taʼminlashga bevosita masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarda ham bu haqiqat mohiyati toʻliq anglab yetilgani yoʻq, deb qayd etdi Senat raisi.
Achinarlisi, qonun ijrosini taʼminlashdagi sustkashlik, qonunning oʻziga hurmatsizlik va bepisandlik u yoki bu sohaning umumtaraqqiyotdan orqada qolishiga, hatto inqirozga yuz tutishiga sabab boʻlmoqda.
Misol uchun, 2019 yilda “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinganiga 30 yil toʻladi.
Tariximizdagi ushbu shonli sanani munosib nishonlashga puxta tayyorgarlik koʻrish va tilimiz rivoji bilan bogʻliq muammolarni tahlil etish maqsadida “Davlat tili haqida”gi Qonunning Toshkent shahrida, shuningdek turli vazirlik va idoralarda ijro etilishi holati oʻrganildi.
Eng afsusli jihat shundaki, tilning ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim omil sanalishiga va inson qaysi tilda soʻzlasa va fikrlasa, oʻsha tildagi mafkuraga moyil boʻlishiga ahamiyat qaratmadik.
Aksincha, Qonun ijrosini nazorat qilishga masʼul boʻlgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qoʻmitasi faoliyatlari tugatildi, lotin yozuviga asos- langan oʻzbek alifbosini joriy etish ishlari esa, belgilangan muddatda toʻliq yakuniga yetkazilmadi.
Keyinchalik qabul qilingan qonunlardagi normalarning “Davlat tili haqida”gi Qonunga muvofiqligini taʼminlash masalasi ham eʼtibordan chetda qoldi.
Maʼruzada yana bir qator dolzarb muammolar qayd etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring