Senat Kengashining Andijon viloyatida oʻtkazilgan sayyor majlisida “Yoʻl xaritalari” ijrosi muhokama qilindi

22:59 04 Oktyabr 2023 Siyosat
581 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Maʼlumki, Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qaroriga muvofiq Andijon viloyatining tumanlarini (shaharlarini) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samarali ijro etilishini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritalari” tasdiqlangan va amalga oshirilmoqda.

Viloyatning har bir tumani (shahri) kesimida Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatlaridan iborat ishchi guruhlar shakllantirilib, “Yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan alohida tartib asosida samarali parlament va deputatlik nazorati yoʻlga qoʻyilgan.

Oliy Majlis Senati Kengashining Andijon viloyatida oʻtkazilgan sayyor majlisida parlament nazorati doirasida “Yoʻl xaritalari” ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida tasdiqlangan Andijon viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijro etilishi borasida qator natijalarga erishilgan.

Xususan, yalpi hududiy mahsulot (YAHM) 2022-yilda 54,5 trln soʻmga yetkazilib, 2017-yilga nisbatan 34,7 trln soʻmga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAHM hajmi esa 6,6 mln soʻmdan 16,6 mln soʻmga ortgan.

2017-yil 1-yanvar holatiga sanoat korxonalari soni 5,2 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda ushbu koʻrsatkich 10 mingdan oshgan, natijada YAHM hajmida sanoatning ulushi 11,2 foizdan 23,4 foizga yetkazilgan.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 3 mingta yangi kichik tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 24 mingdan ortgan.

Investitsiya dasturlari doirasida 76,3 mln dollarlik 221 ta loyiha ishga tushirilgan. 422,3 mln dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan, 40 dan ortiq yangi korxona mahsulotlar eksporti faoliyatiga jalb qilingan, 3 ta xorijiy davlatga ilk bor eksport amalga oshirilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan aholining ijtimoiy muammolarini hal etish, hududiy bandlik dasturi ijrosini taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 91 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning 78,7 ming nafardan ortigʻiga, “Yoshlar daftari”dagi 32,4 ming nafar yoshlarning qariyb 23 ming nafariga amaliy yordam koʻrsatilgan.

Mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantirish maqsadida 226,5 mlrd soʻmlik 916 ta mikroloyiha amalga oshirilgan va 5 160 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va oʻzini oʻzi band qilish uchun 4,1 ming fuqaroga qariyb 26,4 mlrd soʻm miqdorida subsidiya ajratilgan. Bandlikni taʼminlash dasturi doirasida 431,4 ming kishi ish bilan taʼminlangan.

Bundan tashqari, 2023-2024-yilgi kuz-qish mavsumiga aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini tayyorlash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, ishchi guruhlar tuzilib, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga mavjud kamchilik va muammolarga ham eʼtibor qaratdilar.

Hududlardagi 282 ta sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi, 375 ta xizmat koʻrsatish korxonasida xizmatlar hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan resurs mablagʻlaridan foydalanish darajasi Xonobod shahri va Ulugʻnor tumanida pastligicha qolmoqda. Faoliyati tugatilgan korxonalar soni oʻtgan yilga nisbatan Qoʻrgʻontepa va Jalaquduq tumanlarida ortgan.

Andijon va Jalaquduq tumanlari hamda Andijon shahrida soliq toʻlovchilarning byudjet oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi oshgan.

Jalaquduq tumanidagi yoshlar sanoat, Andijon va Oltinkoʻl tumanlaridagi kichik sanoat zonalarida elektr energiyasi tarmogʻini qurish va transformator oʻrnatish, Paxtaobod tumanida tashkil etiladigan toʻqimachilik industrial zonasiga elektr tarmogʻi va kichik stansiya qurish ishlari kechikmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har oyda, dasturlar doirasida belgilangan vazifalar ijrosiga masʼul xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlarni eshitib borishi, dasturlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar qoʻllash masalasini koʻrib chiqishi zarur ekani taʼkidlandi.

Muhokama yakuni boʻyicha oʻz yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan Senat Kengashining qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер