Senat Kengashida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati tahlil qilindi

18:30 05 Oktyabr 2023 Siyosat
574 0

Oliy Majlis Senati Kengashining 5-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida, shuningdek, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari (YOSTZ) faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan Andijon, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida olib borilayotgan ishlar natijalari muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini yana-da rivojlantirish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida mamlakatimizda 210 ta YOSTZ tashkil etildi. Ushbu YOSTZning 299,9 ga yer maydonida hamda 5 800  kvadrat metr bino va inshootlarda 2 272 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, qiymati 2,1 trln soʻmlik  911 ta loyiha doirasida
21589 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Muhokama jarayonida senatorlar YOSTZ faoliyatini tashkil etish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida qator yechimini kutayotgan masalalarga atroflicha toʻxtalib oʻtdilar.

Jumladan, “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonunda Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish sohasidagi vakolatli davlat organi hamda YOSTZ maqomi aniq belgilanmagani, normativ-huquqiy hujjatlardagi nomuvofiqliklar amaliyotda muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Oʻrganishlar natijasida bugungi kunga qadar faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan YOSTZ ham mavjudligi aniqlandi. Xususan, Andijon viloyatining Oltinkoʻl va Paxtaobod tumanlarida YOSTZ faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan boʻlsa, Toshkent viloyatining Bekobod, Parkent, Toshkent, Oʻrtachirchiq tumanlarida YOSTZni tashkil qilish uchun yer maydonlari ajratilmagan. 2021-2023-yillar mobaynida Toshkent viloyati YOSTZda  atigi 2 ta loyiha ishga tushgan boʻlsa, Toshkent shahri YOSTZda birorta ham loyiha amalga oshirilmagan.

Aksariyat YOSTZ bosh rejalari tasdiqlanmagani  hamda kadastr hujjatlari tayyorlanmagan.

YOSTZning auksion savdolariga joylashtirilgan lotlarni sotish ishlari ham talab darajasida tashkil qilinmagan. Jumladan, Sergeli tumanidagi YOSTZ hududida auksion savdolariga chiqarilgan lotlar savdodan olib qoʻyilgan va bugungi kunga qadar savdoga qayta chiqarilmagan.

YOSTZda  loyihani amalga oshirish choralarini koʻrmagan tadbirkorlik subyektidan yer maydoni yoki ishlab chiqarish maydonlarini qaytarib olish tartibi mavjud emasligi ham boshqaruv samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, turli chalkashliklar va qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

YOSTZ jozibadorligi va faoliyat samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan sabablardan biri zarur normativ-huquqiy hujjatlarning belgilangan muddatlarda qabul qilinmaganligi bilan bogʻliq. Xususan, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida yer va bino-inshoot munosabatlarini tartibga solish, shu jumladan, ularni xususiylashtirish masalalari boʻyicha hukumat qarori hamon qabul qilinmagan.

Majlisda senatorlar YOSTZ faoliyatini yana-da takomillashtirish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator takliflarni bildirdilar. Jumladan, tashkil etilishi belgilangan 210 ta YOSTZ roʻyxatini qayta koʻrib chiqib, infratuzilma obyektlari ishga tushirilishi noqulay va aholiga uzoq boʻlgan hududlarda joylashgan YOSTZlarni maqbullashtirish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tarkibida alohida yagona tuzilma – vertikal boshqaruv tizimini tashkil qilish masalasini koʻrib chiqish lozim.  

Shu bilan birga YOSTZdagi davlat mulki boʻlgan bino va inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish, shuningdek, belgilangan muddatlarda loyihani amalga oshirish choralarini koʻrmagan tadbirkorlik subyektidan yer maydoni yoki ishlab chiqarish maydonlarini qaytarib olish tartibini belgilash zarurati mavjud.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga YOSTZni infratuzilma bilan taʼminlash uchun Davlat byudjetidan hamda mahalliy byudjetdan yoʻnaltirilishi belgilangan mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilishi, shuningdek, maqsadli sarflanishini qatʼiy nazoratga olish tavsiya etildi.

Muhokama yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер