Sektorlar ishini yanada faollashtirish lozim

12:11 04 May 2018 Siyosat
2388 0
Фото: adolat.uz

Aniqlangan muammolar “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Ularning ijrosini kim nazorat qiladi?

Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati a’zolaridan tarkib topgan guruh poytaxt viloyatining Toshkent tumanida bo‘ldi. Xalq vakillari sektorlar hududlariga bo‘linib, xonadonma-xonadon yurish orqali joylardagi muammolarni aniqladilar. O‘rganish natijalari xalq deputatlari Toshkent tumani Kengashi sessiyasida tanqidiy ruhda muhokama qilindi.

Yig‘ilishda tumandagi ijobiy ishlar e’tirof etildi. Jumladan, tuman prokurori rahbarlik qilayotgan 2-sektor faoliyatiga ijobiy baho berildi. Sektorning har bir a’zosi yo‘nalishlar bo‘yicha mahallalarga biriktirilgan, ular bilan o‘zaro uzviy hamkorlik o‘rnatilgan. Aniqlangan muammolar har hafta sektor yig‘ilishida tahlil qilinmoqda. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlaridan iborat jamoatchilik guruhlari hududdagi 2598 ta muammoni aniqladi. Shundan 117 tasi joyida bartaraf etildi, 2481 tasi esa “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Chorak yakuni bo‘yicha sektor rahbarining aholi o‘rtasida hisoboti tashkil qilindi.

Afsuski, bu kabi iliq fikrlar boshqa sektorlar faoliyati haqida aytilmadi. Aksincha, ular yo‘l qo‘ygan xatolar ochib tashlandi. Jumladan, bajarilgan ishlarni rasmiylashtirish, muammolarni nazoratga olishda qator kamchiliklar mavjud. Ular tizimli nazorat etilmagan. 2018 yil uchun mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ga manzilli dastur ishlab chiqilgan, lekin sektorlarda aniqlangan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha monitoring to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Masalan, 4-sektorda 2018 yilning 1-choragi uchun tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da ko‘rsatilgan yo‘l ta’mirlash ishlari bajarilmasdan qolgan. Bu kabi ijro etilmay qolgan tadbirlar boshqa sektorlarda ham aniqlandi.

Sessiyada qayd etilganidek, parlament a’zolari 10 kun davomida 1154 ta xonadon vakillari bilan muloqot o‘tkazdi. Suhbatlarga 3378 nafar fuqaro qamrab olindi. 35 ta mahalla fuqarolar yig‘inining faoliyati o‘rganildi. Fuqarolar bilan bo‘lgan muloqotda 14 ta yo‘nalish bo‘yicha 400 dan ortiq masalalar ko‘tarildi. Ularning 80 dan ziyodi joyida hal qilindi. Uy-joy, kommunal, transport, yo‘l qurilishi, sog‘liqni saqlash sohasidagi kamchiliklar, ayniqsa, aholini ko‘proq tashvishlantirayotgani ayon bo‘ldi.

Deputatlar 53 ta ijtimoiy soha ob’ekti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tuman xalq ta’limi tizimidagi kamchiliklar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tumandagi 31 umumiy o‘rta ta’lim muassasasida 1301 nafar pedagog mehnat qilmoqda. Ularning 13,4 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Maktablarda jami 44 nafar fan o‘qituvchisi yetishmaydi. Vakant o‘rinlarni to‘ldirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmayapti. O‘quvchilarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida o‘qitish davr talablariga umuman mos kelmaydi. Maktab binolarining holati ham maqtanarli emas.

Aholining madaniy hordiq chiqarishi bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. “Keles” madaniyat va aholi dam olish markazi binosining isitish tizimi talabga javob bermaydi. Garchi u 2013 yilda qayta kapital ta’mirlangan bo‘lsa-da, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Markazning tomoshalar zalidagi o‘rindiqlar eskirgan, sahnani yoritish uskunalari yo‘q. To‘garak jihozlari eskirgan, cholg‘u asboblari yetishmaydi. Shu sababli to‘garak mashg‘ulotlariga kelayotgan o‘quvchilar soni keskin kamayib ketgan. Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza etish, aholida kitobxonlikni kuchaytirish bilan bog‘liq birorta ham tadbir amalga oshirilmagan.

— Sektorlar faoliyati bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ichki ishlar idoralarining o‘zaro hamkorlikda tizimli faoliyatini yo‘lga qo‘yish yaxshi natija beradi, degan xulosaga keldik, — deydi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ilhom Saidkarimov. — Bu bir qator masalalarni ijobiy yechim topish bilan birga, huquqbuzarliklarning oldini olishda, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Sessiyada aniqlangan kamchiliklarni hal etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan muammolar yechimi uchun sektor rahbarlari mas’ul etib belgilandi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Sessiyada Oliy Majlis Senati Raisi N. Yo‘ldoshev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Rahmatilla SHERALIYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер