Samarqandning dendrologiya bogʻi Xishrav shaharchasida barpo etilmoqda
Yurtimizda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har bir viloyatda Milliy dendrologiya bogʻini tashkil etishga kirishildi.
Samarqand viloyatining Xishrav shaharchasidagi Yashil texnikum hududida Samarqand dendrologiya bogʻini tashkil etish uchun shu yil 1-aprel kuni koʻchat ekish tadbiri oʻtkazildi. 5 gektar maydonga 2,5 ming tupdan ortiq mevali, manzarali daraxt, manzarali buta va gul koʻchatlari ekildi.
Bunday bogʻlarning tashkil etilishi har bir mintaqaning ekologik holatini yaxshilashdan tashqari aholining ekologik madaniyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Bogʻning Yashil texnikum hududida yaratilishi bejiz emas. Bu yerda talabalar daraxt, buta, gul koʻchatlarini parvarishlash, iqlim sharoitiga moslashtirish boʻyicha tajriba va koʻnikmalarga ega boʻladilar.
Viloyat boʻyicha bahorgi mavsumda 7 million tup koʻchat ekish moʻljallangan. Mevali va manzarali koʻchatlar, buta va gullar oshyoniga aylanadigan 23 ta yashil bogʻ yaratish maqsad qilingan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring