Samarqandga elektrobuslar keltiriladi
Foto: Illustrativ foto
Samarqand viloyatida jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, buning uchun birinchi navbatda avtobuslar parkini yangilash, “Yashil shahar” loyihasi doirasida elektrobuslar harakatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
— Shu yil fevral oyida viloyat Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi vakili ishtirokida qulay transport tizimini yaratishda elektrobuslardan foydalanish loyihasi ishlab chiqildi, — deydi Samarqand viloyat transport boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ergash Murodov. — Ushbu loyiha doirasida yevropalik mutaxassislar Samarqand shahrida boʻldi va jarayon bilan tanishdi. Hozirda YETTB mutaxassislari tomonidan elektrobuslar xaridi borasida texnik shart va tender hujjatlari tayyorlanyapti.
Yangidan tashkil qilingan «Samarqandyoʻlovchitrans» davlat korxonasiga yangi zamonaviy avtobuslar olib kelinishi bilan haydovchi va texnik xodimlarni ishga qabul qilish orqali 800 dan ortiq ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.
— Transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish uchun loyihaga asosan avtobuslar 43 ta yoʻnalish boʻyicha harakatlanadi, — deydi viloyat transport boshqarmasi litsenziya sektori mutaxassisi Anvar Rajabov. — Ushbu yoʻnalishlarning 10 tasi asosiy tashuv yoʻnalishi hisoblansa, qolgan 33 tasi yordamchi yoʻnalishlardir. Bu bilan hozirda mavjud muammolarga, yaʼni bekatlarda ortiqcha toʻxtash, oraliq vaqtga amal qilmaslik, kimoʻzarga quvib oʻtishlarga barham beriladi. Shu bilan birga avtobuslar qatnovi kechki payt belgilangan vaqtgacha davom etadi. Shuningdek, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida barcha avtobuslarga kuzatuv kameralari oʻrnatiladi hamda GPS tizimi orqali nazorat qilinadi.
Samarqandda qulay transport tizimini yaratish loyihasining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, olib kelinishi rejalashtirilgan avtobuslar zamonaviy talablarga toʻliq javob beradi. Shuningdek, naqd pulsiz toʻlov turiga moʻljallangan, isitish-sovitish tizimi mavjud hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun bir qator qulayliklarga ega.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring