Samarqanddagi suv omborlari xavfsizlik talabiga javob beradimi?

12:16 20 May 2020 Jamiyat
3401 0

Samarqand viloyatida qishloq xoʻjaligi uchun ishlatiladigan suvning 70 foizi Zarafshon daryosidan olinadi. Shu bilan birga suv omborlari ham tarmoqni suv bilan taʼminlovchi asosiy manba hisoblanadi.

Viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi Azamat Suyunovning maʼlum qilishicha, hozirda viloyatimizda 8 ta suv ombori va 2 ta bosimli suv toʻgʻoni mavjud. Suv omborlarining ikkitasi sel suv ombori hisoblanadi. Boshqarma tasarrufidagi 6 ta oʻzanli suv ombori har yili viloyatimizdagi 24 ming gektar maydonni suv bilan taʼminlaydi.

“Sardoba” voqeasidan keyin suv omborlarining xavfsizligi barchamizni qiziqtirmoqda. Xoʻsh, viloyatdagi suv omborlari xavfsizlik talablariga qanchalik javob beradi? Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi boshligʻi Asror Karimqulov shu va boshqa muhim savollarga javob berdi.

— Boshqarmamiz tasarrufidagi Kattaqoʻrgʻon va Oqdaryo suv omborlari viloyatimizdagi eng yirik va koʻp yil avval qurilgan suv havzalari hisoblanadi, — deydi A.Karimqulov. – Oqdaryo daryosining oʻzanida joylashgan Oqdaryo suv ombori 1989-yilda foydalanishga topshirilgan. U 7 balgacha zilzilaga bardosh beradi va 110 million metr kub suv sigʻimiga ega. Kattaqoʻrgʻon suv ombori esa 7 balgacha zilzilaga bardoshli, Qoradaryo daryosidan “Damxoʻja” gidrouzeli orqali toʻldiriladi. Bu ombor 3 navbatda loyihalashtirilib, 1939-yildagi dastlabki loyihada suv sigʻimi 100 million metr/kub boʻlgan boʻlsa, 1968-yildagi 3 loyihada suv hajmi 900 million metr/kubni tashkil etgan.

— Aksariyat suv omborlari suv koʻpayganda belgi beruvchi maxsus uskunalar bilan jihozlangan boʻladi. Bu suv omborlarida ham shunday uskunalar oʻrnatilganmi, omborlarda xavfsizlik darajasi qanday?

— Suv omborlarida xavfsizlik nuqtayi nazaridan doimiy kuzatishlar olib boriladi. Bundan tashqari, ichki ishlar va milliy gvardiya qoʻriqlash boʻlimlari tomonidan omborlar doimiy qoʻriqlanadi. Kattaqoʻrgʻon suv omboriga 2012-yilda 6 ta videokuzatuv moslamasi va 2014-yilda 2 ta tashvishli chaqiruv tugmasi oʻrnatilgan, “S-40” sirenasi mavjud. 2013-yilda zamonaviy elektr stansiyasi oʻrnatilgan. 2020-yil 17-may holatiga koʻra, suv omborida 731 million kub/metr suv zaxirasi mavjud. Oqdaryo suv omboriga 2011-yilda 8 ta videokuzatuv moslamasi, 2015-yilda 5 ta tashvishli chaqiruv tugmasi oʻrnatilgan va bu yerda ham zamonaviy elektr stansiyasi va “S-40” sirenasi mavjud.

— Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqoʻrgʻon suv ombori devorlarida yoriq paydo boʻlganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu qanchalik asosli, umuman, suv omborning asosini nimalar tashkil etadi?

— Suv omborlarida doimiy kuzatuv va xavfsizlik talablari yuzasidan muntazam oʻrganish olib boriladi. Shunday boʻlsa-da, xabar tarqagach, zudlik bilan ishchi guruh tashkil etildi va suv ombori devorlari koʻzdan kechirildi, aytilgan xabarlar oʻz tasdigʻini topmadi. Kattaqoʻrgʻon suv ombori toʻgʻoni tanasi asosini bir xil tuproq va maxsus togʻ toshi tashkil qiladi. Oqdaryo suv omborida toʻgʻon tanasi asosini tuproq tashkil qiladi, ekrani silliq toshli tuproq, toʻgʻon yadrosi suglinok. Suv ombori qurilishida dastlab loyihachilar tanlangan joyni bir necha bosqichda oʻrganib chiqishadi, devor asosi, yerning zichligi, suvning toʻplanishi, xavfsizlik va boshqa talablar oʻrganiladi, soʻng suv omborning devori qanday boʻlishi lozimligi toʻgʻrisida xulosa berishadi. Lekin ombor qanday boʻlishidan qatʼiy nazar uning suv chiqarish qismi, albatta, betondan boʻladi.

— Suv omborlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida qanday ishlar bajariladi?

— Kattaqoʻrgʻon suv omborining qiyalik beton qoplamasini tag qismidagi hosil boʻlgan boʻshliqlarga sement qorishmasi bilan inyeksiya qilish – zichlash ishlari bajarildi. 2018-yilda viloyat “Suvloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan suv ombor toʻgʻonidagi zilol suvlarini nazorat qilib borish uchun qurilgan 33 ta pyezometrni taʼmirlash va tozalash ishlari olib borildi. 2019-yilda ombordagi suv chiqarish inshootining jonli qismi Respublika idoralararo komissiyasining koʻrsatmasiga binoan h=4 metr, l=605 metr zamonaviy sim toʻr (maxaon) bilan oʻraldi.

Kattaqoʻrgʻon suv ombori bugungi kunda soz va ishchi holatda boʻlib, suv ombor kompleksidagi Damxoʻja va Narpay gidrouzeli hamda kirish-chiqish kanallari bilan birgalikda 66 ta shtat birligida ishchi-xodimlar xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер