Samarqanddagi qoʻshma korxonada oʻsimliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqarilmoqda
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining “Sazagʻon” massivi hududida joylashgan Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda barpo qilingan “Щёлково Агрохим – Oʻzbekiston” qoʻshma korxonasi dastlabki mahsulotni ishlab chiqara boshladi.
Loyiha qiymati 31 million dollar boʻlgan mazkur qoʻshma korxonada yangi komponentlarga ega boʻlgan, oʻzgacha shakl va koʻrinishdagi qishloq xoʻjaligi ekinlariga qoʻllash uchun ruxsat etilgan 50 ga yaqin zamonaviy turdagi oʻsimliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda 100 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Hozirgi paytda korxonada mehnat qilayotgan injener-texnik xodimlar va ishchilarning 30 foizdan ortigʻi mahalliy yoshlar, yaʼni Nurobod tumani fuqarolaridir.
— Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat va imtiyozlar berilayotgani tufayli oʻtgan qisqa fursatda mana shunday yirik loyihaga asos solindi, — deydi qoʻshma korxona bosh mutaxassisi Ixtiyor Qoʻldoshev. — Bu yerda 5 ta mustaqil ishlovchi liniya ish boshladi. Sexlarimizda Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan soʻnggi avlod texnologiyalari oʻrnatilgan boʻlib, 11 ta reaktor va 7 ta yomkostlar maxsus uskunalar bilan jihozlangan.

Korxona oʻz faoliyatining dastlabki yilida 20 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradi va uning 20 foizi eksport qilinadi. Mahsulotlar Turkiya, Misr, Eron, Jazoir, Marokash, Afgʻoniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga yetkazib beriladi.
Bugunga qadar bunday innovatsion mahsulotning muqobili Oʻzbekiston va yaqin xorijiy mamlakatlarda mavjud emas edi. Kelgusida ushbu korxona tomonidan oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan himoyalash vositalarining ishlab chiqarilishi fermer va dehqonlarimiz yumushlarini yengillashtiradi.
Shuningdek, zavod qoshida eng zamonaviy nanotexnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriya ham barpo etilib, viloyatdagi oliy oʻquv yurtlarining oʻsimliklar himoyasi, agrotexnologiyalari va oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan talabalar, aspirantlar, tadqiqotchilar va doktorantlarning turli xil tajriba-sinovlar, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Onlayn tartibda Rossiya Federatsiyasining oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish masalalari bilan shugʻullanuvchi yetakchi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari bilan amaliy mashgʻulotlar uyushtiriladi.
Kelgusida zavodda kimyoviy vositalarini qadoqlash idishlari ishlab chiqarish boʻyicha ham ish olib borilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring