Samarqanddagi korxonaning filiali Andijonda ish boshladi

12:17 06 May 2020 Iqtisodiyot
1321 0

Samarqand shahrida 2012-yilda faoliyat boshlagan “Afrosiyob parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Andijon filialida ham omixta yem ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Tuxum yetishtirish bilan faoliyat boshlagan korxonada 2018-yildan boyitilgan omixta yem va premikslar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan edi. Zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar tez orada ichki bozorda oʻz xaridorlarni topdi. Natijada mahsulotlarga boʻlgan talab ortib bordi. Ayni paytda korxona mahsulotlari xorijga ham eksport qilinmoqda.

- Davlatimiz rahbarining 2017-yil aprel oyida viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshirigʻiga asosan Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan korxonamizga omixta yem ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va Andijon, Surxondaryo viloyatlarida filial tashkil etish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda Toshkent viloyatida premikslarni ishlab chiqarish zavodini qurish vazifasi berilgan edi, — deydi “Afrosiyob parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Akram Fuzaylov. — Shu asosda dastlab 2018-yilda AT “Asaka bank”ning kredit mablagʻlari hisobidan Gollandiyaning Ottevanger kompaniyasining zamonaviy texnologiyalarini olib kelib, yuqori sifatli, toʻliq ratsionli, tarkibi mutanosib tuzilgan va xavfsiz omixta yem ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Bugungi kunda korxonaning quruq, granulalangan yoki sochiluvchan omixta yem mahsulotlari ishlab chiqarish yillik quvvati 100 ming tonnani tashkil etadi. Barcha jarayonlar — xom ashyoni qabul qilib olishdan to tayyor mahsulotni mashinalarga yuklashgacha, qadoqlash yoki bevosita korxona hududida joylashgan 4 ta tovuqxonaga pnevmotrassa orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonlar avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Shuningdek, korxonada shrotlarni yerda saqlashga moslashgan omborxonalardan tashqari, bir vaqtni oʻzida 13 ming tonna donni saqlashga moʻljallangan elevator ham mavjud.

Ayni paytda 140 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada joriy yilning birinchi choragida ham ishlab chiqarish surʼati pasaygani yoʻq. Berilgan maʼlumotlarga koʻra, korxonada 1-chorakda Samarqandda 12 ming tonna boyitilgan, toʻliq ratsionli omixta yem ishlab chiqarilgan boʻlib (65% quvvatda), shundan 4 ming tonnasi (1,5 million AQSH dollar) eksportga yoʻnaltirilgan.

Joriy yilning 4-aprelida ishga tushirilgan Andijon filialida 16-aprel holatiga 1230 tonna omixta yem ishlab chiqarilib, viloyatning oʻzi hamda Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi xaridorlarga yetkazilgan.

Shuningdek, korxonaning Samarqand shahridagi asosiy bazasida birinchi chorakda 13,5 million dona tuxum yetishtirilgan. Korxonada 2020-yilning 1-choragida 2.035,5 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.

Korxona rahbari A. Fuzaylovning taʼkidlashicha, Toshkent viloyatida tashkil etilgan premikslar ishlab chiqarish zavodi 2019-yilning oktyabr oyidan buyon alohida korxona sifatida faoliyat yuritmoqda. Omixta yem ishlab chiqarish boʻyicha Surxondaryo filialini esa joriy yilning 2-choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер