Samarqandda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida qator tadbirlar boʻlib oʻtmoqda

11:38 22 Dekabr 2025 Jamiyat
356 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34-yilligiga bagʻishlangan tadbirlar “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shior ostida oʻtyapti.

Samarqandda “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlar Markaziy harbiy okrugdan boshlandi. Yigʻilganlar Markaziy harbiy okrug qoʻshinlariga qarashli harbiy qismda askarlar, ofitser va serjantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Okrugda 7/24 tartibida ishlovchi kutubxona, “Oʻq otish markazi”, oʻquv binosi, mashgʻulot xonalari, sport zal, Sohibqiron Amir Temur va jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va ijodi, ularning siyosiy faoliyatiga bagʻishlangan koʻrgazmalar nafaqat harbiy xizmatchilar, balki yoshlarni ham harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy gʻurur tuygʻularini uygʻotish va shijoatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

- Harbiy xizmatchilarning farzandlariga qulaylik yaratish maqsadida bu yerda ingliz, rus, nemis tillari hamda sport turlari boʻyicha bepul toʻgaraklar ham tashkil etilgan boʻlib, ularga mutaxassis serjant va ofitserlarni biriktirganmiz, — deydi harbiy qism komandiri oʻrinbosari Qosimjon Mahkamov. — Ushbu toʻgaraklar va kutubxonaga shu hududda yashovchi fuqarolar, jumladan, kam taʼminlangan oilalar farzandlari ham jalb qilinmoqda.

Oylik doirasida Samarqand shahrining markaziy koʻchalari boʻylab harbiy orkestrning vatanparvarlik marshi sadosi ostida viloyatdagi harbiy qismlar xizmatchilari, milliy gvardiya, mudofaa va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillarining harbiy yurishi tashkil etildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar milliy armiyamiz qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdilar.

“Vatanparvarlik” oyligi doirasida Kattaqoʻrgʻon shahar Yoshlar ishlari boʻlimi va yoshlar yetakchilari tomonidan Kattaqoʻrgʻon shahar garnizonida joylashgan harbiy qismga sayohat tashkil etildi.

Bu yerda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz tinchligi, milliy gʻurur va Vatanga boʻlgan sadoqat tuygʻularini mustahkamlash toʻgʻrisida maʼruzalar qilindi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan chiqishlar, harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Past Dargʻom tumanidagi 13-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda harbiy xizmatchilar, mahalla faollari hamda oʻquvchi-yoshlar faol ishtirok etdi.

- Vatanparvarlik oyligi doirasida tumanimizdagi barcha taʼlim muassasalari va mahallalarda uchrashuvlar, madaniy hamda sport tadbirlari tashkil etilmoqda, — deydi tuman mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Akmal Abidov. — Bu tadbirlar armiya va xalq yakdilligini mustahkamlash, yoshlar qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuygʻusini kuchaytirish, Vatan himoyachisi boʻlishga ishtiyoqni yanada oshirishga xizmat qiladi.

“Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida boʻlib oʻtgan tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan oʻquvchi yoshlarga qurol-aslahalar koʻrgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar xizmat faoliyatida foydalaniladigan harbiy texnika, anjom va aslahalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер