Samarqandda Oʻzbekiston va Xitoyning madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtmoqda

10:20 10 Dekabr 2024 Jamiyat
351 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasida Oʻzbekiston va Xitoyning madaniy-tarixiy merosiga bagʻishlangan “Ipak va Ipak yoʻli: Xanchjoudan Samarqandgacha” deb nomlangan koʻrgazma tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi va Xanchjoudagi Xitoy milliy Ipak muzeyiga tegishli ashyolar hamda Tang sulolasining ipakchilik sanʼati bezaklari namoyish qilinmoqda.

— Xanchjou va Samarqand ipak madaniyati shakllangan maskanlardan biri va Ipak yoʻlidagi muhim markazlardir, — deydi Xitoy milliy Ipak muzeyi direktori Jou Yang. — Shu jihatdan Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasida oʻtkazilayotgan koʻrgazmada Samarqanddagi nodir eksponatlar, Tang sulolasining ipakchilik sanʼati, bezak va naqshlar, Xitoy milliy Ipak muzeyi xazinalaridan oʻrin olgan kolleksiyalar ekspozitsiyaga chiqarilgan.

Darhaqiqat, Xitoy va Oʻzbekiston dunyoning qadimiy sivilizatsiyalaridan sanaladi. Soʻnggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari tashabbusi bilan strategik sheriklik munosabatlari va “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasida amaliy hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Shuningdek, Xitoy milliy Ipak muzeyi Samarqand muzeyi hamda Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi bilan yaqin hamkorlik qilib kelyapti.

Uch yil oldin Samarqand va Xitoyning milliy Ipak muzeyi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, Ipak yoʻli boʻylab madaniy merosni muhofaza qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida koʻrgazmalar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, oʻtgan yilda Xitoyda “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari koʻrgazmasi”, Samarqandda esa Sin sulolasi davriga oid ipak namunalari, liboslar va shoyi mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etilgan edi.

Navbatdagi koʻrgazma bir yil davom etishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер