Samarqandda oʻtgan yili 158 mingdan ortiq xonadonlarga “aqlli” gaz hisoblagichlar oʻrnatildi
Foto: Xalq so‘zi
«Hududgaz Samarqand» gaz taʼminoti filiali tomonidan tabiiy gaz isteʼmoli yuzasidan shaffoflikni taʼminlash, isteʼmolchilarga qulaylik yaratish, inson omilisiz hisob-kitob tizimini shakllantirish, debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda.
Shu maqsadda tabiiy gazdan foydalanadigan aholi xonadonlariga “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatilyapti. Taʼkidlash lozimki, onlayn faoliyat yuritadigan mazkur turdagi hisoblagichlarni oʻrnatish orqali isteʼmolchi va taʼminotchi korxona oʻrtasida yuzaga keladigan koʻplab masalalarga barham berilmoqda.
Eski gaz hisoblagichlarni yangisiga almashtirishda zarur boʻladigan ehtiyot qismlar va boshqa uskunalarning barchasi “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
«Hududgaz Samarqand» gaz taʼminoti filiali maʼlumotiga koʻra, oʻtgan 2022-yilda viloyat boʻyicha 158 ming 364 xonadonga “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatilgan. Eʼtiborlisi, bu jarayon ayni kunlarda ham davom etmoqda. Joriy yilning oʻtgan yanvar oyida 3 mingdan ortiq “aqlli” gaz hisoblagichlarning 2 ming 309 tasi Samarqand shahridagi aholi turar joylari va ijtimoiy soha obyektlariga oʻrnatildi. Kezi kelganda shuni taʼkidlash lozimki, havo harorati tushib ketgan kunlarda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida filialning barcha shahar va tumanlar boʻlimlari tomonidan shtablar tashkil etilgan boʻlib, yuzaga kelgan masalalar oʻz vaqtida va sifatli bartaraf etilmoqda.
— Ammo ayrim isteʼmolchilarining gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ulanib olish holatlari ham uchrab turibdi, — deydi «Hududgaz Samarqand» gaz taʼminoti filiali boshligʻi birinchi oʻrinbosari Vaxob Halimov. — Bunday holatlarga barham berish uchun tegishli huquq-tartibot idoralari va mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan hamkorlikda koʻngillilar guruhlarini tashkil etganmiz. Ushbu chora-tadbirlar gaz taʼminotini barqarorlikka erishish, aholi oʻrtasida isteʼmolchilik madaniyatini oshirish, sohada qonuniy tartibotni kafolatlashga zamin yaratyapti.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring