Samarqandda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashi Yoshlar kengashining 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yoʻli“ xalqaro sayyohlik markazida joylashgan “Silk road minyoun” mehmonxonasida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi Yoshlar kengashining 6 yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul davlat organlari, yoshlar jamoat tashkilotlari, yoshlar, xalqaro ekspertlar, shuningdek, Oʻzbekistondagi vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur forum Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashi (CICA) va BMT hamkorligida mamlakatimizda ilk bora tashkil etilmoqda.

Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adxam Ikromov soʻzga chiqib, ishtirokchilarni ushbu yoshlar bayrami bilan qutladi va yoshlar masalasi hamisha dolzarbligini taʼkidladi.

Davra suhbati shaklida tashkil etilgan yigʻilishda davrimizning dolzarb muammolarini yoshlar manfaatlari nuqtayi nazaridan oʻrganish, ijtimoiy rivojlantirish, ilm-fan, taʼlim va mehnatni muhofaza qilish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari boʻyicha hukumat qarorlari qabul qiluvchilar uchun fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqish hamda oʻgʻil-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalari borasida fikr almashildi.

— Yoshlarimiz uchun zaruriy sharoitlar yaratib berish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, umuman olganda jamiyatning muhim boʻlagiga aylantirish nafaqat masʼullar, balki barchamizning vazifamiz ekanini unutmasligimiz darkor. — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktor oʻrinbosari Dilnoza Kattaxonova. — Bugungi yigʻilishimiz maqsadi ham ushbu yoʻldagi muammolarni aniqlash va yechim topishdan iborat. Unutmaslik lozimki, yoshlar ertamiz bunyodkorlari, ularga berilgan eʼtibor kelajagimizni belgilab beradi.
11-13-oktyabr kunlari koʻplab yoshlarni oʻz bagʻriga chorlagan Samarqandda xalqaro Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashining yosh liderlar forumi, “II Oʻzbekiston-Qozogʻiston yoshlar kongressi”, “Oʻzbekiston-Rossiya yoshlar forumi”, “I Oʻzbekiston-Ozarboyjon yoshlar forumi” kabi tadbirlar ham tashkillashtiriladi. Ushbu forumda 30 ta davlatdan 70 dan ortiq turli soha vakillari qatnashishmoqda.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring