Samarqandda optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 22 254 kilometrga yetkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbektelekom” AK Samarqand filiali viloyatning har bir hududini aloqa vositalari bilan qamrab olish ishlarini olib boryapti.
Jumladan, oʻtgan 2023-yilda viloyatda 4 957 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi va hududda ularning umumiy uzunligi 22 254 kilometrga yetkazildi. 101 998 ta abonent sigʻimiga teng abonent portlari oʻrnatilib, aholiga yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya xizmatlari taqdim etildi.
— Shuningdek, 277 ta “Uzmobile” bazaviy stansiyalariga 293 kilometr, 125 ta sogʻliqni saqlash obyektiga 25 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortildi, — deydi “Samarqandtelekom” direktori oʻrinbosari Javohir Orifiy. — Samarqand shahar Mirzo Ulugʻbek va Gagarin koʻchalari kesishmasida qurilayotgan tonnel kommunikatsiyalarini kompleks qurish rejasi asosida 2,17 kilometr yer osti aloqa kanali qurildi. 2023-yil barcha infratuzilma obyektlar qamrovi 100 foizga yetkazildi.
Bundan tashqari, aholiga sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish maqsadida viloyat miqyosida 376 ta tarqatish javonlari profilaktika qilinib tartibga keltirildi. 3720 dona telefon quduqlari tozalanib, undagi kabellar tartibga olindi. 3204 dona aloqa ustunlaridagi aloqa kabellari tartibga keltirildi va foydalanishga yaroqsizlari yangisiga almashtirildi. 437 kilometr havo aloqa simlari hamda 5524 ta aloqa qurilmalari profilaktika qilindi.
Natijada hududdagi mavjud aholi maskanlarining 97 foizi optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olindi. Ushbu hududlardagi aholining ehtiyojiga koʻra yuqori tezlikda ishlovchi GPON texnologiyasi asosidagi internet tarmogʻiga ulash ishlari olib borilyapti.
Oʻtgan 2023-yilda aloqa qurilmalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida elektr energiyasida koʻplab uzilish kuzatiladigan hududlarda 155 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilib, mavjud akkumulyator batareyalari yangilariga almashtirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring